AsosiyJamiyat

Jizzaxda «Yosh yong`in o`chiruvchi» va «O`zbekiston Respublikasi IX-chempionati» musobaqalarining respublika bosqichiga start berildi

'Jizzaxda «Yosh yong`in o`chiruvchi» va «O`zbekiston Respublikasi IX-chempionati» musobaqalarining respublika bosqichiga start berildi'ning rasmi

Ma`lumki, navqiron davlatimiz, yoshlar mamlakati hisoblanadi. Shu sababli istiqlol yillarida yosh avlodni komil, har tomonlama etuk inson qilib tarbiyalash ustuvor vazifalardan biriga aylandi. Eng quvonarlisi, bu masala davlat siyosati darajasiga ko`tarildi.

Yosh avlodni har tomonlama barkamol etib voyaga etkazishda sportning o`rni beqiyos. Shu bois mamlakatimizda yoshlar o`rtasida sportninig ommaviyligini oshirish, ularning sport bilan shug`ullanishi uchun keng imkoniyat va sharoitlar yaratishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Respublikamizda umumta`lim, o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasalari o`quvchilari o`rtasida o`tkazilayotgan “Yosh yong`in o`chiruvchi” va “O`zbekiston Respublikasi chempionati” musobaqalari ham shular jumlasidandir.

Ushbu musobaqalarni o`tkazib kelinishi bilan, o`quvchilarni yong`in o`chiruvchi kasbiga qiziqtirish, ushbu yo`nalishda targ`ibot-tashviqot ishlarini keng ko`lamda olib borilishini ta`minlash, o`quvchilarni yong`in xavfsizligi bo`yicha amaliy ko`nikmalari hamda jismoniy tayyorgarligini oshirish, yong`in xavfsizligi xizmatiga munosib, jismonan sog`lom va jasur o`smirlarni tayyorlashda, yong`in chog`ida to`g`ri harakat qila bilish ko`nikmalari va mahoratini mustahkamlashda katta ahamiyatga ega.

Mazkur musobaqaning birinchi bosqichi joriy yilning 1-15 aprel kunlari tuman-shahar miqyosida har bir umumta`lim, o`rta maxsus, kasb-hunar ta`lim muassasalari o`quvchilari o`rtasida o`tkazilib, ushbu bosqichda o`quvchilar orasidan umum jismoniy tayyorgarlik, ya`ni turnikda tortilish, 100 hamda 1000 metrga yugurish turlari bo`yicha eng yaxshi natijalarni ko`rsatganlar aniqlandi. G`olib va sovrindorlar diplom hamda qimmatbaho sovg`alar bilan taqdirlanib, tuman-shahar terma jamoasi shakllantirildi va ikkinchi, ya`ni viloyat bosqichida ishtirok etish uchun yo`llanma oldilar.

Musobaqaning ikkinchi bosqichi joriy yilning 1-18 may kunlari nazariy shartga ko`ra ishtirokchilarning yong`in xavfsizligi bo`yicha bilim saviyalari test sinovlari asosida hamda amaliy shartlarga ko`ra «100 metrga to`siqlar osha yugurish», «Ishg`ol qilish narvonida o`quv minorasiga ko`tarilish» hamda «Yong`in o`chiruvchilar estafetasi» turlari bo`yicha o`tkazildi. Albatta ushbu bosqichda ham g`olib va sovrindorlar medal, diplom va esdalik sovg`alar bilan taqdirlandilar hamda viloyat terma jamoasi shakllantirilib, uchinchi bosqichda, ya`ni respublika bosqichida ishtirok etish uchun yo`llanma oldilar.

Sport musobaqasining respublika bosqichi joriy yilning 30 may kunidan - 2 iyun kuniga qadar Jizzax shahrida o`tkazilmoqda. 31 may kuni musobaqaning tantanali ochilish marosimi o`tkazilishi rejalashtirilgan bo`lib, O`zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport, Oliy va o`rta maxsus ta`lim, Xalq ta`limi vazirliklari hamda Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining rahbariyati, viloyat hokimligi, boshqa jamoatchilik vakillari ishtirok etishadi. Ushbu ochilish marosimida huquqni muhofaza qiluvchi organlarning va Favqulodda vaziyatlar vazirligi kuch va vositalarining ko`rgazmali chiqishlari hamda taniqli xonandalar tomonidan konsert dasturi tashkil etiladi.

Musobaqalarning birinchi va ikkinchi bosqichlarida umumta`lim maktablari hamda o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasalaridan jami bo`lib, 200 ming nafardan ortiq o`quvchilar ishtirok etdilar. Ikkinchi bosqichlarda g`oliblikni qo`lga kiritgan 14 ta o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasalari, 14 ta umumta`lim muassasalari terma jamoalari, shuningdek, 5 ta hududlardan qizlar terma jamoalari, jami 132 nafar o`quvchilar o`rtasida o`tkaziladigan musobaqaning respublika bosqichida quyidagi turlar bo`yicha g`oliblar aniqlanadi.

Nazariy shartga ko`ra, musobaqa ishtirokchilarining yong`in xavfsizligi bo`yicha bilim saviyalari test sinovlari orqali aniqlanadigan bo`lsa, musobaqaning amaliy shartida o`quvchilar yong`in o`chirish amaliy sportining «Ishg`ol qilish narvonida o`quv minorasiga ko`tarilish», «Yong`in o`chirish estafetasi» va «100 metrga to`siqlar osha yugurish» turlari bo`yicha o`tkaziladi.

Barcha g`oliblar hamda faol ishtirokchilar tashkilotchilarning diplom va esdalik sovg`alari bilan taqdirlanadilar. Bu kabi musobaqalar yosh yong`in o`chiruvchilarimizni yong`in o`chirish vositalarini tezkorlik va chaqqonlik bilan qo`llab, insonlar hayotini qutqarish, mol-mulklarni asrab qolishga, vatan va xalq oldidagi burchlarini bajarishga, jismonan sog`lom, chaqqon va chidamli qilib tarbiyalashga xizmat qiladi.

Ayni vaqtda musobaqa ishtirokchilari belgilangan shartlarga ko`ra ishg`ol qilish narvonida o`quv minorasiga ko`tarilish turi bo`yicha o`zaro bellashmoqdalar.

Musobaqalar qizg`in va murosasiz tarzda davom etmoqda.

O`zbekiston Respublikasi FVV YoXBB

    Boshqa yangiliklar