2019 yilning 1 iyunidan boshlab O`zbekistonda elektr energiyasi va tabiiy gazning narxi oshmaydigan bo`ldi, deb xabar berdi Moliya vazirligining matbuot xizmati.
Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining 2018 yil 1 noyabrdagi «Yoqilg`i-energetika resurslarining narx va tariflarini bosqichma-bosqich o`zgartirish to`g`risida»gi №897-sonli qaroriga muvofiq 2019 yil 1 iyundan boshlab tabiiy va suyultirilgan gaz va elektr energiyasi uchun narxlar oshirilishi nazarda tutilgandi. Chunonchi, maishiy iste`molchilar uchun 1 metr kub tabiiy gazning narxi hozirgi 320 so`mdan 350 so`mgacha, elektr energiyasining 1 kilovatti hozirgi 250 so`mdan 280 so`mgacha oshishi kerak edi.
«Tabiiy gaz va elektr energiyasiga belgilangan narxlar oshiriladi, lekin 1 iyundan emas. Biz narx oshirilishini vaqtincha to`xtatib qo`ydik», — deyishgan Moliya vazirligidagilar.
Markaziy bankdagilar fevral-mart oyidagi cho`qqiga erishilgach, yillik inflyasiya pasaya boshlashi, biroq iyun oyidagi elektr energiyasi va tabiiy gazga avvaldan belgilangan narx oshirilishi uning pasayishini to`xtatuvchi omil bo`lib xizmat qilishini aytib o`tishgan edi.
«2019 yilda inflyasiya sur`ati tezlashishining asosiy xatarlari iqtisodiyotda yuqori inflyasion kutilmalarning saqlanib qolishi, QQS bo`yicha yangi to`lov mexanizmining joriy etilishi hisobiga alohida tovar va xizmatlar narxlarining o`sishi, shuningdek energiya resurslari narxlari oshirilishining ikkilamchi ta`siri ko`lamining kengayish ehtimolining mavjudligi bilan bog`liq», — deyishgandi yanvarda MBdagilar.






