AsosiyJamiyat

Adliya vazirligi bolalar uchun maxsus sayt yaratdi

'Adliya vazirligi bolalar uchun maxsus sayt yaratdi'ning rasmi

Ushbu yangilik 2019 yilning 31 may kuni Adliya vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Qonunchilikdagi yangiliklar” nomli brifing va matbuot anjumanida ma`lum qilindi.

1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan “Bola huquqlari” deb nomlangan saytning taqdimoti bo`lib o`tdi.

Ushbu sayt yosh avlodning huquqiy bilimini oshirish, bolalarda kichik yoshdanoq qonunga hurmat ruhini tarbiyalash maqsadida tashkil etilgan.

Ma`lumot uchun: “Bola huquqlari” sayti “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to`g`risida”gi Prezident Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta`minlash yuzasidan yaratilgan.

Sayt mazmuni ikki turdagi auditoriyaga mo`ljallangan: 14 yoshgacha bo`lgan bolalarga va ota-onalarga.

Bolalarga mo`ljallangan kontent qismi elementar tartib-qoidalarni o`rgatishdan tortib maktabgacha ta`lim, maktab ta`limi, salomatlik, yo`l harakati qoidalari, odob-axloq qoidalari, tabiatni muhofaza qilish, Konstitusiya, bola huquqiga oid konvensiya va boshqa hujjatlar haqida ma`lumot berishgacha bo`lgan turli mazmundagi materiallardan tashkil topgan.

Ota-onalar uchun esa burch va majburiyatlar, farzand asrab olish, turli hayotiy vaziyatlarda ota-onalik majburiyatlarini bajarish va huquqlaridan foydalanish kabi muhim masalalarga oid huquqiy maslahatlar berilgan.

“Bola huquqlari” odatdagi huquqiy saytlardan farqli ravishda sodda
va tushunarli tili hamda yorqin ifoda uslubi bilan ajralib turadi. Matnlar bolalarning yoshiga mos ravishda, ular uchun tushunarli tarzda bayon qilingan. Mazmunni ochib berishda infografika, obrazlar va tasviriy vositalardan unumli foydalanilgan. Yorqin va e`tiborni tortuvchi ranglar, rasmlar va suratlar orqali bolalar uchun qiziqarli dizayn yaratilgan.

Sayt faqat nazariy ma`lumotlardan iborat emas. Bolalarning huquqiy bilimlarni ko`ngilochar-interaktiv o`yinlar, mantiqiy masalalar, testlar yordamida o`zlashtirishiga katta e`tibor qaratilgan. Saytning maxsus “Huquqiy o‘yinlar” bo`limida bolajonlar virtual olamda vaqtlarini qiziqarli va foydali o`tkazishiga imkon yaratilgan.

Bolalarga huquqiy bilimlarni egallashga rag`bat uyg`otish masalasi ham e`tibordan chetda qolmagan. Buning uchun saytda bolalarning huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan hamda ularning bilimini baholab boruvchi o`yinlar, topshiriqlar asosidagi reyting tizimi ishlab chiqilgan.

Saytning “Sizning lug‘at” bo`limi alohida e`tiborga loyiq. Ushbu bo`limda yuridik atamalar va tushunchalar bolalar uchun tushunarli, sodda tilda izohlab berilgan. Bunda yosh foydalanuvchilarning hayotidan misollar keltirish orqali so`zlarning ta`rifi boyitilgan.

Texnik jihatdan sodda va qulay echimga ega “Bola huquqlari” tez orada kichkintoylarning virtual olamdagi sevimli maskanlaridan biri bo`lishi ehtimoli katta. Hozirda sayt sinov tartibida ishlamoqda. Adliya vazirligi uni yanada takomillashtirish va boyitish ustida ish olib bormoqda.

Shuningdek, matbuot anjumanida mutaxassislar tomonidan jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishda munosib hissa qo`shgan huquq targ`ibotchilarining bu boradagi fidoyiligini rag`batlantirib borish maqsadida vazirlik tomonidan e`lon qilingan “Eng yaxshi huquq targ`ibotchisi” tanlovi bo`yicha ma`lumotlar jurnalistlarga va ishtirokchilarga taqdim etildi. Tanlovini o`tkazish tartibi, unda ishtirok etuvchilar haqida batafsil mu`lumot berishdi. Ta`kidlanishicha,tanlov har yili may-iyun oylarida o`tkaziladi.

Unda quyidagi nominasiyalar bo`yicha g`oliblar aniqlanadi:

  • “Huquqiy targ`ibotdagi fidoyiligi uchun”;
  • “Huquqiy madaniyatni targ`ib qiluvchi eng yaxshi mutaxassis”;
  • “Huquqiy madaniyatni targ`ib qiluvchi eng yaxshi jurnalist”;
  • “Huquqiy madaniyatni targ`ib qiluvchi eng yaxshi OAV”;
  • “Huquqiy madaniyatni targ`ib qiluvchi eng yaxshi bloger”;
  • “Huquqiy madaniyatni targ`ib qiluvchi eng yaxshi sayt”;
  • “Huquqiy targ`ibotdagi eng yaxshi innovasion loyiha”;
  • “Mahallada huquqiy madaniyatni yuksaltirishdagi faolligi uchun”;
  • “Huquqiy targ`ibotdagi eng yaqin hamkor”;
  • “Eng yosh huquq targ`ibotchisi”.

G`oliblar esdalik nishonlar, diplomlar, statuetkalar va sovrinlar bilan taqdirlanadi.

Bundan tashqari, qonun hujjatlari mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholiga etkazish bo`yicha ishlar samaradorligini oshirish va bunda yangi yondashuvlarni joriy etish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan “Qonunchilikdagi yangiliklar” nomli brifing tashkil etildi. Unda yakuniga etayotgan hafta davomida bir qator muhim masalalar bo`yicha qabul qilingan 10 ga yaqin qonun hujjatlari haqida ma`lumot berildi.

Xususan, O`zbekiston Respublikasining “O`zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish to`g`risidagi Qonun haqida ma`lumotlar berildi.

O`zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident Farmoni kabi normativ-huquqiy hujjatlarihaqida tushuntirish berildi.

Tadbirda ishtirok etgan OAV vakillari soha mutaxassislariga ushbu qonun hujjatlari yuzasidan o`zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat etishdi.

Adliya vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi

    Boshqa yangiliklar