Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan “Sog`lom bola – yurt kelajagi” shiori ostida navbatdagi ommaviy salomatlik tadbirlari tashkil etildi.
Mamlakatimizning barcha hududlarida yuqumli bo`lmagan kasalliklarning oldini olish, sog`lom turmush tarzini qo`llab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligini oshirishga qaratilgan sa`y-harakatlar muhim ahamiyatga ega bo`lib, ularda aholi faol ishtirok etmoqda. Bu safargi tadbirlar bolalar salomatligiga bag`ishlandi. Unda maktabgacha va maktab yoshidagi o`quvchilari o`rtasida salomatlik startlari o`tkazildi. Shuningdek, tibbiyot xodimlari va aholi ishtirokida qator tibbiyot muassasalarida 5 kilometrga faol yurish va gimnastika mashg`ulotlari ham tashkil etildi.
Ma`lumki, kompyuter texnologiyalari asrida, afsuski, bolalar o`rtasida ochiq maydonlarda jismoniy harakat talab etadigan o`yinlarning ahamiyati pasayib ketdi. Natijada, bu ularning jismoniy va psixologik holatiga ma`lum ma`noda salbiy ta`sir ko`rsatmoqda. Shuning uchun ham bolalarni gimnastika va sport o`yinlariga ko`proq vaqt sarflashga undash lozim. Engil mashqlar hatto chaqaloqlar uchun ham foydali hisoblanadi. Ular bolaning tanasini chiniqtiradi, immunitetini kuchaytirib, chidamliligini oshiradi. Bolalikdan boshlangan jismoniy tarbiya uning jismoniy mashqlarga mehrini uyg`otadi. Bu esa kelajakda uning sog`lig`iga tizimli ijobiy ta`sir ko`rsatishi turgan gap.
Bolalarga engil gimnastika mashqlarini ertalab qilish tavsiya etiladi. Oilada bunday mashg`ulotlar odatiy bo`lsa, bolalar jon deb shug`ullanishadi. Ammo ular taqlid qilishni yaxshi ko`rganliklari bois kattalarga ergashib, tanasini zo`riqtirib qo`yishlari mumkin. Bolalar uchun jismoniy tarbiya mashqlari o`yin shaklida bo`lishi maqsadga muvofiq. Badiiy gimnastika bolalar uchun juda foydali hisoblanadi, jumladan, egiluvchanlik va muvozanatni, harakat a`zolarini rivojlanadi.
Bolalar uchun eng yaxshi jismoniy tarbiya – bu muntazam yurishdir. Bolalar ko`chaga chiqqanda faqatgina qumda o`ynab yoki arg`amchida uchib o`tirmasdan faol yurishga ham o`rganishi kerak. To`rt yoshli bolalar uchun yurish taxminan 15-20 daqiqadan oshmasligi kerak. 5 yoshga to`lganda esa yurish 30-40 daqiqa davom etsa maqsadga muvofiq.
Toza havoda muntazam yurish nafaqat salomatlikni yaxshilaydi, balki nafas olish, mushak, yurak-qon tomir tizimini mustahkamlaydi. Yurganingizda mushaklarning faol harakati tufayli tomirlarda qon aylanishi yaxshilanadi. Natijada varikozning oldi olinadi, organizmdan toksinlar chiqib ketadi. Umuman olganda, yurish vujudga ijobiy ta`sir ko`rsatib, immunitet va chidamlilikni oshiradi, aqliy salomatlikni mustahkamlab, uyquni yaxshilaydi.
Mutaxassislarning fikricha, yurish yugurish va boshqa jismoniy mashqlardan ko`ra anchayin foydaliroqdir. Salomatlik maqsadida yurish uchta tamoyilga asoslangan. Birinchisi, “Zarar qilmang”, ya`ni intensivlik va davomiylik tananing holatiga mos kelishi kerak. Ikkinchisi, bosqichma-bosqich, ya`ni sur`at, vaqt va muddat tana uchun ortiqcha bosimlarsiz o`sib borishi lozim. Uchinchi tamoyil esa muntazamlik, ya`ni yurishning kunlik miqdoriga amal qilish. Tavsiyaga ko`ra, yurish haftasiga 3-4 marta, kamida 30 daqiqa davom etishi talab etiladi.
Eslatib o`tamiz, Sog`liqni saqlash vazirligi ushbu yo`nalishdagi sa`y-harakatlarni tizimli ravishda davom ettiradi. Xususan, iyun oyining har shanba kuni “Tanlov sizdan: tamaki yoki sog`lom o`pkalar”, “Sog`lom ovqatlanish – sog`lom hayot demakdir”, “Zararli odatlar – umr kushandasi”, “Jismoniy faollik – uzoq umr ko`rish garovi” shiorlari ostida ommaviy salomatlik tadbirlari o`tkazilishi ko`zda tutilgan.
Sog`liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi






