AsosiyJamiyat

Ishchi guruhning navbatdagi tashrifi Jizzax viloyatiga bo`ldi

'Ishchi guruhning navbatdagi tashrifi Jizzax viloyatiga bo`ldi'ning rasmi

Jahon bozori standartlariga javob beradigan raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish va uni eksport qilish bugun yurtimizda eng asosiy vazifa sifatida belgilab qo`yilgan. Qolaversa, mazkur vazifalar ijrosini ta`minlash, eksportyor tashkilotlar faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish maqsadida Davlat bojxona qo`mitasi tomonidan tuzilgan Ishchi guruhining navbatdagi tashrifi Jizzax viloyatiga bo`ldi.

Dastlab, viloyat bojxona boshqarmasining majlislar zalida eksportyor korxonalar vakillari, tadbirkorlik sub`ektlari, bojxona rasmiylashtiruvi mutaxassislari, brokerlik firma rahbarlari, boshqarma shaxsiy tarkibi ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.

Unda Davlat bojxona qo`mitasi Raisi o`rinbosari, Ishchi guruh rahbari M.Saliev so`zga chiqib, eksport salohiyatini oshirish, uni kengaytirish, mahalliy korxonalarning mahsulotlarini tashqi bozorga chiqarishda eksportyor korxonalar faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish,bojxona sohasida joriy etilayotgan keng qulayliklar, yaqinda qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyatini batafsil tushuntirgan holda qishloq xo`jaligi mahsulotlarini eksport qilishda ular narxlarini asossiz ravishda pasaytirib yoki oshirib ko`rsatish holatlariga ham alohida to`xtalib o`tdi.

Ochiq muloqot tarzida o`tkazilgan uchrashuvda Ishchi guruh tomonidan tadbirkorlik sub`ektlarining faoliyatida uchrayotgan muammolari tinglandi.

Xususan, tovarlarni eksport qilishda valyuta mablag`lari amalda kelib tushgan bo`lsada, ayrim tijorat banklari axborot tizimlarida ba`zan aks etmay qolish holatlarining kuzatilayotganligi, valyuta tushumini sug`urtalashda polisni sug`urta idorasi tomonidan rasmiylashtirish jarayoni cho`zilib ketayotganligi, temir yo`l xarajatlarining bir qismini qoplab berish bilan bog`liq imtiyoz xomashyolarni import qilish jarayoniga ham tatbiq etilishi yoki etilmasligi, tovarlarni eksport qilishda bojxona deklarasiyasi “yashil yo`lak”ka tushgan hollarda plombani avtoulov yukxonasiga qo`yish tartibi, xorijiy vakolatli idoralar tomonidan berilgan muvofiqlik sertifikatlarini “O`zstandart” agentligi tomonidan tan olinishi bilan bog`liq masalalar ko`tarildi.

Ushbu masalalardan bojxonaga tegishli qismi joyida hal etildi, boshqa sohalarga tegishli masalalar Davlat bojxona qo`mitasi tomonidan mutasaddi vazirlik va idoralarga murojaat qilish orqali hal qilinishi Ishchi guruh tomonidan ma`lum qilindi.

Shundan so`ng, Ishchi guruh eksportyor korxonalar faoliyatini o`rganish va mavjud muammolarni hal etish maqsadidaviloyatdagi yirik korxonalar, jumladan, “Jizzax Akkumlyator Zavodi” AJ va "Ashu Agro Industries" MChJ hamda “Paxtakor Teks” MChJ largasayyor tashriflar uyushtirdi.

Iqtisodiyotning barqaror va yuqori o`sish sur`atlarini saqlab qolishning eng muhim omillaridan biri bu mamlakat eksport salohiyatini yuksaltirish va milliy mahsulotlarning tashqi bozordagi raqobatbardoshligini oshirishdir.

Bunda esa albatta tadbirkorlarga har tomonlama yordam berib, ularga engilliklar, imtiyoz va qulayliklar yaratish, eng muhimi tadbirkorlarning huquqiy bilimini oshirish juda muhim.

Bo`lib o`tgan uchrashuv va sayyor qabullarda ushbu jihatlarga alohida e`tibor qaratildi.

Shuningdek, Jizzax viloyatida eksport salohiyatini yanada oshirish va rivojlantirish, bojxona sohasida hech qanday muammo yuzaga kelmasligi yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.

    Boshqa yangiliklar