1

Toshkent viloyatida uchta Raqamli texnologiyalar o`quv markazi ochildi

Jamiyat 03.06.2019, 15:56
Toshkent viloyatida uchta Raqamli texnologiyalar o`quv markazi ochildi

1 iyun kuni davlatimiz rahbari ilgari surgan 5 ta tashabbus doirasida Bo`ka tumanida Raqamli texnologiyalar o`quv markazi ochilgan edi. 2 iyun kuni ushbu tashabbus davom ettirilib, birdaniga Toshkent viloyatining O`rtachirchiq, Oqqo`rg`on va Piskent tumanlarida ham Raqamli texnologiyalar o`quv markazlarining ochilish marosimlari bo`lib o`tdi.

Ushbu tadbirlarda jamoatchilik vakillari, tuman hokimliklari, xalq ta`limi boshqarmalari mutasaddilari, axborot texnologiyalari va kommunikasiyalari sohasi korxona, tashkilot hamda kompaniyalari vakillari va o`quvchi yoshlar ishtirok etishdi.

Dastlabki manzil O`rtachirchiq tumanidagi 3-sonli umumta`lim maktabi bo`ldi. Bu erda axborot texnologiyalari va kommunikasiyalari sohasi korxonalari tomonidan uchta sinfxona mukammal ta`mirlanib, eng so`nggi rusumdagi kompyuterlar bilan ta`minlandi. Maktabga optik tolali kabel tortilib, yuqori tezlikdagi internet tarmog`igi ulandi. Tadbir ishtirokchilari informatika sinfi, kovorking xonasi va kutubxonada bo`lib, yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi.

AKT vaziri Shuhrat Sodiqov maktab kutubxonasida o`quvchilar bilan dildan suhbatlashdi. Vazir faqat puxta ilm bilan yuksak marralarga erishish mumkinligini, mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanishni ta`kidlab, Ucell kompaniyasi tomonidan mazkur maktabda axborot texnologiyalari vositasida elektron davomatni yuritish, o`quvchilarning darslarni o`zlashtirishi, maktabga kelib-ketishi nazoratini ta`minlaydigan, bu haqida ota-onalarni xabardor qiladigan elektron tizimni yaratish bo`yicha berilgan taklifini ma`lum qildi.

Oqqo`rg`on tumanidagi Raqamli texnologiyalar o`quv markazini ochilishida yoshlar bilan bir qatorda mahalla faollari, tuman hokimligi mutasaddilari ishtirok etdilar. E`tiborlisi, tumandagi 50 ta maktabning barchasi telefon aloqasi va internet xizmatlari bilan ta`minlangan. Tuman hokimi Farhod Omonov shunday o`quv markazini yangi bunyod etilayotgan Yoshlar bog`ida ham tashkil etish taklifini berdi.

Piskent tumani aholisi 97 mingdan oshadi, ularning 50 mingdan ziyodini yoshlar tashkil qiladi. Tumandagi 38 ta umumta`lim maktablarning hozircha 22 tasi telefon aloqasi va internet bilan ta`minlangan, qisqa muddatda qolgan maktablar hamglobal tarmoqqa ulanishi belgilangan. Tuman markazida Raqamli texnologiyalar o`quv markazining ochilishi piskentlik yoshlar uchun ayni muddao bo`ldi. Ular bu erda eng talabgir bo`lgan kasb-hunarlarni egallashlari mumkin. Markazning keng va shinam xonalarida axborot-kommunikasiya texnologiyalarining so`ngi qurilma va uskunalari o`rnatilgan, kompyuterlar tezkor internet tarmog`iga ulangan.

Markazlarning ochilishi o`quvchi va yoshlar uchun haqiqiy bayramga aylanib ketdi. Ko`zlari yonib turgan, dasturlashga qiziqayotgan, robototexnika, veb-dizayn sirlarini o`zlashtirishga intilayotgan yoshlar uchun bu haqiqatda katta imkoniyat. Kamiga ushbu markazlarda o`qib, olgan bilimlarini tuman va viloyat miqyosida o`takaziladigan tanlovlarda sinab, g`olib bo`lgan yoshlarning ikki nafarini Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga test sinovlarisiz qabul qilinishi yanada katta imkoniyat. Albatta, buning uchun yoshlar qattiq bellashadilar, darslarni puxta o`zlashtirishga intiladilar. Eng muhimi, axborot texnologiyalari olami sirlari bilan yaqindan tanishadilar, kelgusida ularning orasidan kuchli dasturchilar, veb-dizaynerlar, kibersport o`yinchilari chiqishiga shubha yo`q.

Oldin internet-kafelarga kompyuter o`yinlari o`ynaladigan oddiy markazlar sifatida qaralar edi, haqiqatda ham shunday qarash shakllangan edi. Prezident ilgari surgan 5 ta tashabbusning uchinchisi – aholi va yoshlarni kompyuter texnologiyalari hamda internetdan foydalanish ko`nikmalarini oshirishga qaratilgan. Bu yo`nalishda Raqamli texnologiyalar o`quv markazining ochilishi ana shu – kompyuter o`ynadigan joy, degan qarashni yo`qqa chiqaradi. Sababi, bu zamonaviy Raqamli texnologiyalar o`quv markazlarida eng kuchli o`qituvchilar bilim berishi, kelgusida ularga markaz hududida uylar qurilishi, o`quv vositalari ham eng so`ngilari ekanligi, eng kuchli bitiruvchining oliy o`quv yurtiga kirishi uchun imkoniyat yaratilgani, bularning barchasi eng talabgir kasb-hunarlarni egallash uchun haqiqiy ma`noda motivasiya muhitini, raqobat maydonini yaratadi. Raqobatda, albatta, kuchlilar g`olib bo`ladi. Xullas, bu oddiy internet-kafelar emas, yoshlarni hayotda o`z o`rnilarini topishga yordam beradigan raqamli maskan bo`ladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1