1

Ulug` ayyom – Ramazon hayiti yurtimizda keng nishonlanmoqda

Jamiyat 05.06.2019, 07:36
Ulug` ayyom – Ramazon hayiti yurtimizda keng nishonlanmoqda

Ona diyorimizda muzayyan tong otdi. Qutlug`, saodatli onlarda barcha yurtdoshlarimiz jome masjidlarida Ramazon hayiti namozini o`qidi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning “Ramazon hayitini nishonlash to`g`risida”gi qaroriga muvofiq ulug` ayyomga mamlakatimiz miqyosida qizg`in tayyorgarlik ko`rildi.

Masjidlar, ziyoratgohlar, tarixiy qadamjolar obodonlashtirildi. Odamlar bir-biri bilan jigarso`z bo`lib, kam ta`minlangan oilalar, mehrga muhtoj bolalar, yolg`iz qariyalar holidan xabar olindi, ularga sovg`a-salomlar ulashildi.

Muborak Ramazon kunlarida Toshkentda Suzuk ota, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Termizda Hakim Termiziy kabi ulug` allomalarimiz nomi bilan atalgan diniy majmualar, jome masjidlari foydalanishga topshirildi. Islom dinining ezgu g`oyasi – jaholatga qarshi ma`rifat bilan kurashish amali asosida davlatimiz rahbari ilgari surgan beshta muhim tashabbus tadbirlari yurtdoshlarimizni, ayniqsa, yoshlarimizni ma`naviy yuksaklik sari boshlamoqda.

Prezidentimizning behad jasorati bilan zulmkor insonlar makriga uchib Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolar hududiga borib qolgan 156 nafar yurtdoshimiz, asosan, ayollar va bolalar Vatanimizga olib kelindi. Muborak oyda osoyishta yurtiga qaytgan bu ayollar, begunoh bolalar, ularning yaqinlari qalbi nurga to`ldi.

Shavkat Mirziyoev muborak Ramazon hayitini nishonlash arafasida "Jazo muddatini o`tayotgan, qilmishiga chin ko`ngildan pushaymon bo`lgan va tuzalish yo`liga qat`iy o`tgan bir guruh shaxslarni afv etish to`g`risida"gi farmonni imzoladi. Unga muvofiq, 575 fuqaro afv etildi. Ularning 361 nafari jazodan to`liq ozod qilindi. Ana shu yurtdoshlarimiz bugun o`z oilasi, jigarlari bag`rida bayramni yaxshi niyatlar bilan qarshi olmoqda.

O`zbekiston musulmonlari idorasidan berilgan ma`lumotga ko`ra, bu yil yurtimizdagi 2000 dan ziyod masjidda taroveh namozi, 1200 dan ortiq masjidda xatmi Qur`on qilindi. Qorilarimiz xorij mamlakatlarida, xususan, AQSh, Rossiya va Malayziyada ham Qur`onni xatm qildi.

Poytaxtimizdagi Hazrati Imom jome masjidi ham erta tongdan yurtdoshlarimiz bilan gavjum bo`ldi.

photo_2019-06-05_06-28-19.jpg

Hayit namozi ma`ruzasida ma`naviy qadriyatlarimiz yuksalishi yo`lida amalga oshirilayotgan sa`y-harakatlar, bugungi farovon hayotimiz mazmun-mohiyati haqida so`z bordi. Insonlarga mehr ko`rsatish, ularning o`y-tashvishlarini o`rganib, yaxshilik qilish savobi haqida aytildi.

– Alloh taologa hamdu sanolar bo`lsinki, Ramazoni sharif ro`zasini ado etish nasib qildi. Mo`min-musulmonlar subhidamda saharlik dasturxoni atrofida ibodatga kirishdi, fayzli oqshomlarda esa iftorlik qilib, taroveh namozlariga oshiqdi, – deydi O`zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov. – Bu yilgi Ramazon oyi har qachongidan ham fazilatli va barokotli bo`ldi. Mo`min-musulmonlarimiz ko`p yaxshi himmat ko`rsatishdi, qarindosh-urug`lar, qo`ni-qo`shnilar, keksalar, bemorlar, muhtojlar ko`ngli olindi, Alloh taolo farz qilgan zakotlar ado etildi, fitr sadaqasi hamda fidyalar berildi. “Vaqf” fondi ham ikki milliard so`mga yaqin zakot mablag`larini tarqatib, yordamga muhtoj kishilar qalbiga quvonch ulashdi. Albatta, bu savobli, oliyhimmatli ishlarni qilishda yil bo`yi davom etaylik.

Ramazon hayiti namozida yurtdoshlarimiz shu kunlarga etkazganiga shukrona aytib, elimizga tinchlik-xotirjamlik, omonlik, qut-baraka tilab duolar qildi.

photo_2019-06-05_06-28-32.jpg

photo_2019-06-05_06-29-24.jpg

photo_2019-06-05_06-30-16.jpg

photo_2019-06-05_06-30-58.jpg

photo_2019-06-05_06-31-14.jpg

photo_2019-06-05_06-33-39.jpg

photo_2019-06-05_06-33-49.jpg

photo_2019-06-05_06-34-12.jpg

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1