Farg`ona shahrining Gulzor mahallasida istiqomat qiluvchi Islomjon Isroilov va Dilorom Isroilova oilasida bir yo`la uch farzand dunyoga keldi. Chaqaloqlarga Shavkatjon, Ziroatxon va Saidaxon deb ism qo`ydilar.
Buni qarangki, kichkintoylarning dadasi Islomjon Isroilov 1994 yil 1 sentyabrda – Mustaqilligimizning 3 yillik bayrami kuni tug`ilgan ekan. Mana, oradan chorak asr vaqt o`tib, Islomjon bir emas, uch nafar farzandning otasiga aylandi.
– Kasbim shifokor, shirintoylarimning sog`lig`idan o`zim boxabar bo`lib turaman, – deydi egizaklarning buvisi, Farg`ona shahridagi 5-oilaviy poliklinika bosh shifokori, Feruza Madalieva. – O`g`lim Islomjon tadbirkor. Nabiralarim tug`ilgan kuni u Rossiyada xizmat safarida edi. O`sha erdan turib dadasi ikkimizga qo`ng`iroq qildi. “Yakshanba kuni bozorga chiqib, chiroyli avtomashina tanlab turinglar. Keliningiz va nabiralaringizni ko`rgani ana shu mashinada bormoqchiman”, deb tayinladi. Ammo 5 may kuni poytaxtdan kelgan vakillar bizga Prezident sovg`asi – “Kobalt” avtomashinasini topshirib ketishdi. Ertasiga – 6 may kuni esa viloyatimizga tashrifi chog`ida davlatimiz rahbari bilan uchrashish baxtiga muyassar bo`ldim. Ishonasizmi, bunday qo`shaloq xursandchilik tushimga ham kirgan emas. Kichkintoylarni el-yurt ravnaqiga kamarbasta, fidoiy insonlar qilib tarbiyalaymiz albatta.