1

Sog`liqni saqlash vazirligi ovqatdan zaharlanish holati bo`yicha qo`shimcha ma`lumot berdi

Jamiyat 07.06.2019, 14:14
Sog`liqni saqlash vazirligi ovqatdan zaharlanish holati bo`yicha qo`shimcha ma`lumot berdi

Sog`liqni saqlash vazirligi joriy yil 4 iyun kuni Toshkent shahrining ayrim hududlaridagi “Oqtepa lavash” umumiy ovqatlanish shoxobchalarida qayd etilgan ovqatdan zaharlanish holati bo`yicha qo`shimcha ma`lumot berdi.

Joriy yil 7 iyun soat 14:00 ga qadar Sog`liqni saqlash vazirligining Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti klinikasiga 29 nafar, shahar 5-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 8 nafar, shahar 4-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 2 nafar va 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 2 nafar bemor ko`ngil aynishi, qayt qilish, bosh og`rishi, umumiy holsizlanish, ich ketishi, oshqozon sohasida og`riq, tana harorati ko`tarilishi kabi shikoyatlar bilan murojaat qilgan. Ular tibbiy ko`rikdan o`tkazilib, “Ovqat toksikoinfeksiyasi”, “O`tkir ichak kasalligi” va “O`tkir diareya” birlamchi tashxisi bilan shifoxonaga yotqizildi.

Ayni paytda shifoxonada bemorlardan laboratoriya tahlillari uchun tegishli barcha namunalar olinib, ushbu holat yuzasidan Sog`liqni saqlash vazirligining alohida nazorati tashkil etildi. Mazkur shifoxonalar va uning bo`limlari zarur dori-darmonlar, infuzion eritmalar, bir marotaba ishlatiladigan shpris va sistemalar bilan etarli miqdorda ta`minlangan.

Mazkur holat bo`yicha o`tkazilgan birlamchi epidemiologik tekshiruv natijasiga ko`ra,bemorlarning 16 nafari o`z kasalliklarini Mirobod tumani “Qo`yliq-5” massivida joylashgan, 19 nafari Sergeli tumani Sergeli-8 mavzesida, 3 nafari Uchtepa tumanida, 1 nafari Shayxontohur tumanidagi Chorsu bozori hududida, 1 nafari Olmazor tumanida joylashgan «Oqtepa lavash» umumiy ovqatlanish shoxobchalarida tayyorlangan tovuqli sendvichni va yana bir nafar fuqaro buyurtma asosida keltirilgan mahsulotni o`z xonadonida iste`mol qilganliklari bilan bog`lashmoqda.

Poytaxtimizda yuz bergan ushbu holat yuzasidan Sog`liqni saqlash vazirligining alohida nazorati tashkil etilgan. Vazirlik tomonidan yuzaga kelgan epidemik vaziyat joyiga chiqib o`rganilib, bemorlarga va mutaxassislarga o`z vaqtida har jihatdan amaliy yordam ko`rsatilmoqda.

Hozirda shifoxonada davolanayotgan bemorlarning ahvoli qoniqarli, og`ir bemorlarning yo`qligi sabab bugun kunning ikkinchi yarmida ularning bir guruhiga uylariga ketish uchun ruhsat beriladi va bemorlar o`zlari ro`yxatda turgan hududdagi oilaviy poliklinikalar nazoratiga olinib, patronaj xizmati bilan qamrab olinadi.

Sog`liqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1