1

O`zbekiston Prezidenti Qozog`iston Parlamenti Majlisi Raisini qabul qildi

Jamiyat 08.06.2019, 10:08
O`zbekiston Prezidenti Qozog`iston Parlamenti Majlisi Raisini qabul qildi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 7 iyun kuni Qozog`iston Respublikasi Parlamenti Majlisi Raisi Nurlan Nigmatulin boshchiligidagi delegasiyani qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonlarni samimiy qutlar ekan, Qozog`iston parlamenti delegasiyasining O`zbekistonga tashrifi qardosh mamlakatlarimiz o`rtasidagi do`stlik, yaxshi qo`shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolat berishini alohida ta`kidladi.

O`z navbatida, Qozog`iston Parlamenti Majlisi Raisi samimiy qabul uchun Prezidentimizga chuqur minnatdorlik bildirib, Qozog`istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursultan Nazarboev va Prezidenti Qasim-Jomart Toqaevning salomi va ezgu tilaklarini etkazdi.

Uchrashuvda tomonlar Qozog`iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqaevning joriy yil aprel oyida amalga oshirilgan O`zbekistonga ilk davlat tashrifining yakunlari ko`p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish, uni amaliy mazmun bilan boyitish borasida o`zaro intilish qat`iy ekanini yana bir bor tasdiqlaganini ta`kidladilar.

Ikki tomonlama savdo hajmi ortib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. 2018 yilda tovar ayirboshlash 50 foizga o`sib, 3 milliard dollardan oshdi. Yaqin yillarda bu ko`rsatkichni kamida 5 milliard dollarga etkazish vazifasi turibdi.

Mamlakatlarimiz etakchi kompaniya va korxonalari ishtirokida kooperasiya asosida istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Transport sohasida yangi avtobus va temir yo`l yo`nalishlari ochildi, shaharlar o`rtasidagi aviaqatnovlar ko`paytirildi, yuk tashish hajmi ortmoqda.

Hududlararo aloqalar tobora mustahkamlanmoqda, madaniy-gumanitar almashinuv kengaymoqda. O`tgan yili Qozog`istonda O`zbekiston yili muvaffaqiyatli o`tkazildi, joriy yilda esa mamlakatimizda tadbirlarga boy dastur asosida Qozog`iston yili o`tmoqda.

Uchrashuvda O`zbekiston-Qozog`iston parlamentlararo hamkorligini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko`rib chiqildi.

Mamlakatlarimiz parlamentlari qo`mitalari darajasida faol aloqalarni yo`lga qo`yish, erishilgan kelishuvlarni o`z vaqtida amalga oshirish va yangi sheriklik loyihalarini ilgari surish maqsadida parlamentlararo do`stlik guruhlari imkoniyatlaridan yanada samarali foydalanish lozimligi qayd etildi.

Nurlan Nigmatulin Qozog`iston Parlamenti parlamentlararo munosabatlarni yanada mustahkamlashda, shuningdek, qardosh xalqlarimiz o`rtasidagi ko`p qirrali hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslarni ro`yobga chiqarishda har tomonlama ko`maklashishga tayyor ekanini ta`kidladi.

Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari Qozog`iston Respublikasi siyosiy hayotidagi eng muhim tadbir - joriy yil 9 iyun kuni bo`lib o`tadigan Prezident saylovi muvaffaqiyatli o`tishini tiladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1