1

O`zbekiston xalq artisti Qunduz Mirkarimova vafot etdi

Jamiyat 11.06.2019, 16:30
O`zbekiston xalq artisti Qunduz Mirkarimova vafot etdi

O`zbekiston xalq artisti, mahoratli raqqosa, baletmeyster Qunduz Mirkarimova 94 yoshida vafot etdi. Bu haqda «O`zbekkonsert» xabar berdi.

Qunduz Mirkarimova 1925 yil Toshkentda tug`ilgan. Raqqosa, baletmeyster va pedagog. Tamaraxonim nomidagi balet maktabida ta`lim olgan (1937-1941), Katta teatr (Moskva) qoshidagi xoreografiya bilim yurtini tugatgan (1951).

Yangiyo`l musiqali drama va komediya teatrida (1943-1946), Muqumiy teatrida (1946-1949), Navoiy teatrida (1951-1953), O`zbekiston davlat filarmoniyasida (1953-1956) yakkaxon raqqosa, «Bahor» ansamblida yakkaxon raqqosa va pedagog-repetitor (1957-1967), badiiy rahbar (1979-1988), Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabida pedagog (1964-1979 va 1988 yildan; 1996 yildan professor) sifatida faoliyat yuritdi.

Uning ijrosidagi raqslar samimiy, nafis va jozibadorligi, harakatlari sho`x va jo`shqinligi bilan ajralib turadi. Qunduz Mirkarimova «G`ayratli qiz», «Katta o`yin», «Xorazmcha raqs», «Uyg`urcha raqs», «Rohat», «Jonon», «Nay navosi», «Bahor tongi», «Tanovor», «Zang o`yin», «Pomircha raqs», «Dildor», «Gulruh», «Gulnoz» kabi mumtoz, xalq, zamonaviy va boshqa xalqlar raqslarini mahorat bilan ijro etgan. Shuningdek, u maqom kuylariga tushgan raqslari bilan ham mashhur edi. Qunduz Mirkarimova raqs sirlarini Mukarrama Turg`unboeva, Roziya Karimova, Gavhar Rahimova kabi buyuk raqqosalardan o`rgangan.

San`atimiz darg`asi uzoq va baxtli, tarixiy va ijodiy hodisalarga boy hayot kechirdi. Umri davomida u xoreografiyaning beqiyos primasi, baletmeyster, afsonaviy o`zbek raqslarining ijrochisi va sahnalashtiruvchisi sifatida dunyoga tanildi. Xitoy, Fransiya, Avstriya, Polsha, Angliya, Shotlandiya, Braziliya kabi dunyoning o`ttizdan ortiq mamlakatlarida bo`lib, o`zbek raqslarini namoyish etdi.

Betakror san`atkor hayoti davomida mahoratli pedagog sifatida raqs san`atida ko`plab shogirdlar etishtirdi. Uning shogirdlari orasida bugun davlatimizning yuksak unvonlariga sazovor bo`lganlar ko`plab topiladi.

Qunduz Mirkarimova O`zbekiston xalq artisti, Sobiq ittifoq xalq artisti, Mukarram Turg`unbova nomidagi mukofotlar sovrindori sanaladi. 1997 yilda esa «Do`stlik» ordeni bilan taqdirlangan.

«Darakchi.uz» cayti marhumaning oila a`zolariga va yaqinlariga hamdardlik bildiradi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1