Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Farhod” dehqon bozori hududida keksa yoshli bir ayolning tobi qochgani va chaqirilgan “tez yordam” kechikib kelgani tufayli bemor shifoxonada vafot etgani haqida xabarlar yuzasidan Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan ushbu holat o`rganildi.
Ma`lum bo`lishicha, 2019 yil 8 iyun kuni soat 10:24 va 10:34 oralig`ida Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi Call markaziga alohida-alohida ikkita qo`l telefonidan qo`ng`iroq bo`ladi va ulardan biri yoshi 50-60, ikkinchisi 60-70lar oralig`ida ayolning “Farhod” dehqon bozori hududida sog`lig`i yomonlashganini ma`lum qiladi. Ushbu ma`lumot zudlik bilan Uchtepa tumani 4-podstansiyasiga etkazilib, voqea joyiga “tez yordam” brigadasi jo`natiladi. Navbatchi dispetcher vaziyatni o`rganish maqsadida soat 10:44 larda qo`ng`iroq qilganida “tez yordam” manzilga etib borib, bemorga birinchi yordam ko`rsatayotgan bo`ladi.
Biroq, soat 10:59 da “Farhod” bozoridan yana telefon bo`lib “tez yordam” kutishayotganini ma`lum qilishadi. Shunda bozor hududida ikkita bemor borligi ma`lum bo`ladi va zudlik bilan boshqa “tez yordam” brigadasi jo`natiladi. Ammo, “tez yordam” borgunicha bemor yo`lovchi mashinada shifoxonaga olib ketilgan ekan.
— Bozorlar, chorrahalar, jamoat joylarida biror baxtsiz hodisa ro`y bersa yoki kimningdir tobi qochib qolsa, odatda voqeaga guvoh bo`lgan yo`lovchilar “tez yordam” chaqiradi. Bunday murojaatlarda ko`pincha tez tibbiy yordamga muhtoj bemorlar bozorning yoki chorrahaning qaysi burchagida ekanligi aniq ko`rsatilmaydi. Aksariyat hollarda telefon qilgan odam ham voqea joyidan ketib qoladi, — deydi Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi bosh shifokori Davron Sultonov. — Natijada “tez yordam” mashinasi bemorni topolmay, ovora-yu, sarson bo`ladi, bemor topilguncha ancha vaqt yo`qotiladi. Ko`pchilik hollarda bunday chaqiriqlarda bemorlarni topish imkoniyati bo`lmaydi.
Aytish joizki, bugungi kunda Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasida 179 ta tez tibbiy yordam brigadasi aholiga xizmat ko`rsatayapti. Tizimda 705 nafar shifokor va 1150 nafar o`rta tibbiy xodimlari hamda dispetcherlar faoliyat yuritayapti. Ushbu tez tibbiy yordam brigadalariga kuniga o`rtacha 3000ga yaqin (kuz-qish mavsumlarida chaqiriqlar 4000 dan ham oshadi) chaqiriq tushadi. Ularga o`z vaqtida borib tibbiy yordam ko`rsatilyapti.
Tez tibbiy yordam xizmatining muhim bo`g`ini bo`lgan Call- markazlar faoliyati ham takomillashyapti. Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiya tarkibidagi shunday markazda 2 nafar shifokor 36 nafar o`rta tibbiy xodim – dispetcherlar aholidan tushgan qo`ng`iroqlarni qabul qilyapti. Ushbu tibbiyot xodimlari qo`ng`iroqni qabul qilish barobarida bemorning yaqinlariga birinchi yordam ko`rsatish yo`llarini ham uqtiradi. Zero, bemorga shoshilinch vaziyatda toki shifokor etib kelgunicha aniq va to`g`ri ko`rsatilgan birinchi yordamning inson hayotini asrashda o`rni nihoyatda muhim.
Sog`liqni saqlash vazirligiJamoatchilik bilan aloqalar bo`limi






