1

Transport vazirligi "Novaport" kompaniyasiga o`tish haqidagi xabarga rasmiy munosabat bildirdi

Jamiyat 15.06.2019, 13:50
Transport vazirligi "Novaport" kompaniyasiga o`tish haqidagi xabarga rasmiy munosabat bildirdi

O`zbekiston Respublikasi Transport vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo`layotgan Samarqand, Namangan va Urganch aeroportlari boshqaruvi “Novaport” kompaniyasiga o`tishi to`g`risidagi xabarlar yuzasidan quyidagilarni ma`lum qildi.

So`nggi yillarda mamlakatimizda fuqaro aviasiyasini rivojlantirish, havo kemalari parkini bosqichma-bosqich yangilash, parvozlarning yuqori darajadagi xavfsizligini ta`minlash, aeroportlar infratuzilmasini, havodagi harakatni boshqarish tizimini va malakali mutaxassislar tayyorlashni takomillashtirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Biroq shunga qaramasdan,mamlakatimizning fuqaro aviasiyasida uning jahon aviatashishlar bozorida raqobatbardoshligini ta`minlash va ushbu tarmoqqa investisiyalarni faol jalb qilish, sohaning tarmoq korxonalari moliyaviy barqarorligi va rentabelligini ta`minlash imkonini beruvchi menejmentning zamonaviy tizimini joriy etish masalalarida qator tizimli kamchiliklar saqlanib turibti.

Aeroportlar ekspulutasiyasi va ish faoliyatini ta`minlash doimiy ravishda katta miqdordagi investisiyalar kiritilishini talab etadi. Aeroport infratuzilmasini rivojlantirish, jumladan yo`lovchi terminallari, uchish- qo`nish yo`laklarini qurish va rekonstruksiya qilish, yoritish va signal chiroqlari qurilmalarini modernizasiya qilish, maxsus texnikalarni xarid qilish, havo kemalari, yo`lovchilar va bagajlarga xizmat ko`rsatish jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalarini tadbiq etish katta sarf-xarajatlarni talab etadi.

Hozirgi kunda fuqaro aviasiyasi boshqaruv tizimi, shu jumladan erdagi infratuzilmadan foydalanish xizmat ko`rsatishning jahon standartlariga javob bermasligi, reyslarga ko`rsatilayotgan xizmatlarning etarli darajada emasligi, asosiy ishlab chiqarish faoliyatidan tushadigan daromadlarning pastligi mamlakatimizdagi ayrim aeroportlarning norentabelligiga sabab bo`lmoqda. Bu kabi aeroportlarning ish faoliyatini ta`minlash davlat byudjetidan katta miqdordagi mablag`ajratilishini talab etmoqda.

Jahon Banki ekspertlar guruhining fikricha aeroportlar o`tkazuvchanlik qobiliyatining cheklanganligi va infratuzilma sarf-xarajatlarining yuqoriligi parvozlar narxining qimmatlashuviga sabab bo`lmoqda, bu esa o`z navbatida xorijiy aviatashuvchilarning bozorga kirish imkoniyatlarini cheklamoqda.

Jumladan, Termiz xalqaro aeroporti uchish-qo`nish yo`lagining xalqaro talablarga mutlaqo javob bermasligi xorijiy aviakompaniyalarning mazkur aeroportga parvozlarni amalga oshirishiga to`siq bo`lmoqda.

Bundan tashqari, bugungi kunda Toshkent, Samarqand, Buxoro, Andijon xalqaro aeroportlarining uchish-qo`nish yo`laklari ta`mirtalab ahvolda.

Shuningdek, Toshkent, Namangan, Samarqand, Buxoro, Urganch va Andijon xalqaro aeroportlari terminalining kichikligi ularning o`tkazuvchanlik quvvati past ko`rsatkichda qolishiga sabab bo`lmoqda.

Bu kabi salbiy holatlar ayrim yo`lovchilar parvozlarni qo`shni davlatlarning O`sh, Chimkent kabi shaharlari orqali amalga oshirishiga olib kelmoqda.

Etakchi xalqaro ekspertlarning fikricha xalqaro standartlar darajasida xizmat ko`rsatishni ta`minlash uchun aeroportlardan foydalanish va ularni rivojlantirishga xususiy sektorni jalb etish mavjud muammolarning echimi bo`lib hisoblanadi.

Aviatashuvlar bozorida raqobat muhitini yaratish va sohaga to`g`ridan-to`g`ri investisiyalarni faol jalb etishning dastlabki natijasiSamarqand, Namangan va Urganch shaharlari aeroportlari boshqaruvining konsessiya kelishuvi asosida Rossiya Federasiyasining “Novaport” kompaniyasiga berilishi mazkur yo`nalishdagi dastlabki qadamdir.

Kelishuvga ko`ra “Novaport” kompaniyasi o`z sarmoyalari hisobidan yuqoridagi aeroportlarni modernizasiya qilish va rivojlantirishga qaratilgan “Loyihalash, Qurilish, Ekspluatasiya, Topshirish” (DBOT) modeli asosida ishlarni bajarish majburiyatini o`z zimmasiga oladi. Ekspluatasiya davrida “Novaport” kompaniyasi davlatga konsessiya yig`imlarini to`lab boradi.

Fuqaro aviasiyasi sohasida boshqaruvning zamonaviy shakl va usullarini joriy etishni jadallashtirish, soha korxonalarini xalqaro tendensiya va standartlarga muvofiq qayta tashkil etish hukumatning aviasiya sohasidagi keng ko`lamli islohotlarni amalga oshirishdagi asosiy maqsadidir.

Shuni alohida ta`kidlash lozimki, mavjud qonunchilikka ko`ra aerodrom infratuzilmasi ob`ektlari, jumladan havo kemalari uchun mo`ljallangan uchish-qo`nish va qo`shimcha xarakatlanish yo`laklarini xususiy sherikka faqat boshqaruv uchun berilishi mumkin. Ushbu ob`ektlar strategik ahamiyatga ega bo`lgani bois mulk huquqi davlatda qoladi. Qolaversa, davlat xususiy sherikligining har qanday shakli va usullarida asosiy boshqaruv va nazorat vositalari davlatda bo`ladi.

Samarqand, Namangan va Urganch aeroportlarini modernizasiya qilish va rivojlantirishga qaratilgan loyihani amalga oshirish yuzasidan “Novaport” kompaniyasi o`z takliflarini ishlab chiqmoqda. Ushbu takliflar mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari tomonidan o`rganib chiqilgandan so`ng yakuniy qaror qabul qilinadi.

Ushbu loyihani amalga oshirish aeroportlar infratuzilmasini rivojlantirish va kengaytirish, samarali ishlash va texnik xizmat ko`rsatishni ta`minlash, yo`lovchilarga ko`rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, parvozlar geografiyasini kengaytirish, yo`lovchi tashish hajmini ko`paytirish kabi ijobiy natijalarga erishish imkonini beradi.

Aviasiya sohasini tubdan takomillashtirish maqsadida, respublikamizning qolgan aeroportlarini davlat- xususiy sherikligi shartlari asosida investorlar boshqaruviga topshirish masalalari o`rganib chiqilmoqda.

Xalqaro amaliyotga nazar soladigan bo`lsak, bugungi kunda to`liq yoki qisman davlat xususiy sherikligi boshqaruvi asosida Sankt-Peterburg, Dehli, Afina, Istanbul, Tokio, Nagoya, Gonkong, Doxa, London, Syurix, Frankfurt, Amsterdam kabi yirik aeroportlar faoliyat yuritmoqda

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1