1

Ofiserlar xizmatga shay!

Jamiyat 16.06.2019, 22:53
Ofiserlar xizmatga shay!

Davlat bojxona qo`mitasining Bojxona institutida ushbu oliy o`quv yurtini tugallayotgan bitiruvchilarga diplom topshirish marosimi bo`lib o`tdi.

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Davlat bojxona qo`mitasi rahbariyati, O`zbekiston bojxona xizmati faxriylari Uyushmasi a`zolari, shoir va yozuvchilar, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari hamda bitiruvchilarning ota-onalari, yaqinlari ishtirok etishdi.

Tantanali tadbir davlatimiz madhiyasi sadolari ostida boshlandi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 2 noyabrdagi “O`zbekiston Respublikasi bojxona organlari kadrlarini tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida” PQ-3995 son qarori bojxona organlari xodimlarining bilim va ko`nikmalarini, shuningdek, vazifa va funksiyalarni samarali va oqilona amalga oshirish uchun zarur bo`lgan yuksak kasbiy mahoratini rivojlantirish va takomillashtirishni ta`minlovchi bojxona organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning yagona tizimini tashkil etishga xizmat qilmoqda.

Bir so`z bilan aytganda, Muhtaram Prezidentimizning yuqorida ta`kidlangan qaroridan so`ng ushbu oliygoh mohiyatan butunlay yangilandi va bojxona organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo`yicha ixtisoslashtirilgan oliy ta`lim hamda ilmiy-metodik muassasa sifatida belgilandi.

Tadbirda so`zga chiqqan Davlat bojxona qo`mitasi Raisi, bojxona xizmati general-mayori M.Azimov bitiruvchilarga tabrik yo`llar ekan, ofiserlik unvonini qabul qilayotgan yosh kadrlarni mamlakatimizning iqtisodiy xavfsizligini ta`minlashda o`z qasamyodiga va burchiga hamisha sadoqatda bo`lishlarini tiladi.

O`qishni imtiyoli tamomlagan va yuqori natijalarga erishgan bir guruh kursantlar va ularning murabbiylariga Davlat bojxona qo`mitasining faxriy yorlig`i va esdalik sovg`alari topshirildi.

Shundan so`ng joriy yilda institutni tugallagan 121 nafar bitiruvchilarga diplomlar va bojxona leytenanti maxsus unvonlari tantanali ravishda topshirildi.

Endilikda ular Davlat bojxona qo`mitasi taqsimoti asosida respublikamiz bo`ylab turli hududiy bojxona boshqarmalari va bojxona postlarida xizmat olib borishadi.

Institutda bojxona ishi sohasidagi xalqaro standartlarni hisobga olgan holda kursantlarida tahliliy fikrlash, yangi bilimlarni mustaqil ravishda egallash va ularni amaliyotda qo`llash ko`nikmasini rivojlantirishga yo`naltirilgan yangicha o`qitish tizimini shakllantirildi.

Ayni vaqtda bu erda ikki bosqichli “Bojxona ishi” va “Yurisprudensiya (iqtisodiy xavfsizlikni huquqiy ta`minlash)” mutaxassisliklari bakalavrlarni hamda “Bojxona ishi (faoliyat turlari bo`yicha)” va “Soliq va bojxona huquqi” mutaxassisliklari bo`yicha magistrlarni tayyorlash amalga oshiriladi.

Endilikda yurisprudensiya mutaxassisligini tamomlagan institut bitiruvchilarining kasbiy faoliyat sohalari kengayib, nafaqat bojxona organlarida, balki boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar tizimida ham xizmatni o`tash imkoniyatiga ega bo`lishdi.

Institutda mutaxassislar tayyorlash bo`yicha malaka talablari, o`quv rejalari va dasturlarini amaliyotga yo`naltirishga alohida e`tibor qaratildi. Bitiruvchilarda etarli amaliy ko`nikmalarni shakllantirish maqsadida 2018-2019 o`quv yilidan nomutaxassislik fanlarning hajmini kamaytirish va mutaxassislik fanlari hajmini oshirish hisobidan uch yillik nazariy kurs hamda hududiy bojxona boshqarmalarida bir yillik stajirovka o`tashdan iborat o`qitish tizimi yo`lga qo`yildi.

Tadbirda so`z olgan deputatlar, bojxona faxriylari, bitiruvchilar va ularning ota-onalari yosh ofiserlarni qizg`in muborakbod etib, respublikamizda barcha sohalarda bo`lgani kabi, bojxona sohasida ham olib borilayotgan izchil islohotlarni ro`yobga chiqarishda hamisha kamarbasta bo`lishga chorlashdi.

Tantanali tadbir taniqli san`atkorlar ishtirokidagi konsert dasturiga ulanib ketdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1