1

53 ta davlat orasida O`zbekiston tomonidan onkologik xizmatni rivojlantirish istiqbollari haqida taqdimot o`tkazildi

Jamiyat 17.06.2019, 18:08
53 ta davlat orasida O`zbekiston tomonidan onkologik xizmatni rivojlantirish istiqbollari haqida taqdimot o`tkazildi

Avval xabar berganimizdek, O`zbekiston delegasiyasi Budapesht shahrida Markaziy va Sharqiy Evropa mamlakatlarining onkologiya sohasida hamkorlik bo`yicha xalqaro konferesiyada ishtirok etmoqda. Eslatib o`tamiz, ushbu tadbir tashkilotchilari – Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti, Vengriya hukumati hamda Vengriya inson resurslari vazirligi hisoblanadi.

Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining Evropa mintaqaviy byurosiga a`zo 53 davlat orasida O`zbekiston delegasiyasi mamlakatimizda onkologik xizmat holati va rivojlantirish istiqbollari haqida taqdimot o`tkazdi. Respublika ixtisoslashgan Onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Mirzag`olib Tillashayxov o`z nutqida ta`kidlab o`tganidek, jahonda yiliga 15 millionga yaqin inson saraton bilan kasallangani aniqlanmoqda, mamlakatimizda esa bugun 96 mingdan ziyod bemorlar onkologik xastalik bilan ro`yhatga olingan. Mazkur masalaning dolzarbligini hisobga olgan holda, Prezidentimizning 2017 yil 4 aprelda “2017 — 2021 yillarda O`zbekiston Respublikasida onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam ko`rsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori qabul qilindi. Shu asosda yurtimizning barcha hududlarida Respublika ixtisoslashgan Onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi filiallari tashkil etildi. Onkologik kasalliklar diagnostikasi va davolashning zamonaviy standartlari ishlab chiqilib, klinik amaliyotga joriy qilindi hamda vertikal onkologiya xizmati yaratildi.

E`tiborli jihati, so`nggi yillarda o`zbekistonlik onkologlarning faol sa`y-harakatlari tufayli sohada eng nufuzli sanalgan ESMO, ASCO kabi xalqaro tashkilotlarga a`zo bo`ldi. 2017-2018 yillarda 100 dan ziyod mutaxassislarimiz Rossiya, AQSh, Koreya, Turkiya, Polsha, Hindiston, Belorus kabi mamlakatlarning nufuzli klinikalarida davlat hisobidan malaka oshirishdi. So`nggi ikki yil ichida kimyoviy preparatlar bilan ta`minlash ham sezilarli darajada yaxshilanib, 85-90 foizgacha etdi. Markaz tomonidan video-laparoskopik jarrohlik majmuasi sotib olingandan so`ng, respublikada birinchi marta video-laparoskopik nefrektomiya, trombektomiyali nefrektomiya va buyrak rezeksiyasi kabi yuqori texnologiyali operasiyalar o`tkaziladi.

Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti vakili Lide Lazer O`zbekistonning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo`yicha majburiyatlarni va sog`liqni saqlash xizmati bilan butun mamlakatni qamrab olish yo`nalishidagi vazifalarni bajarishdagi yutuqlarini yuqori baholadi.

– Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti O`zbekiston sog`liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarni to`liq qo`llab-quvvatlaydi. Olib borilayotgan ushbu o`zgarishlar ko`plab mamlakatlar uchun namuna bo`la oladi, – dedi, jumladan, Lide Lazer. – 2019 — 2025 yillarda O`zbekiston Respublikasi sog`liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqishda JSST mutaxassislarining tavsiyalari e`tiborga olinib, qabul qilinishi chindan ham tarixiy voqeadir. Ishonchim komilki, tizimni rivojlantirish uchun butunlay yangi konsepsiyani joriy etilishi aholi salomatligini samarali himoya qilishda asos bo`lib xizmat qiladi. Zero, tibbiyotni isloh qilishning mazkur etti yillik rivojlanish konsepsiyasini amalga oshirish sifatli tibbiy xizmatlar ko`lamini yanada kengaytirish, O`zbekiston aholisining salomatligi va farovonligini oshirishda muhim ahamiyatga ega.

Konferensiya yakunida ishtirokchilar Markaziy va Sharqiy Evropa hamda Markaziy Osiyoda onkologik ta`lim, ilmiy tadqiqotlar va rivojlanish sohasida hamkorlik to`g`risida deklarasiyani imzoladilar.

Sog`liqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1