“Toshshahartransxizmat”kompaniyasi jamoat transport harakati xavfsizligini ta`minlash xizmati rahbari Mahmudjon Qahhorov joriy yilning 29 avgust kuni sodir bo`lgan yo`l-transport hodisasi yuzasidan olib borilgan surishtiruv ishlari yakuniga etgani haqida xabar berdi, deya yozmoqda 12news.uz.
Eslatib o`tamiz, Toshkent shahrida yuz bergan bu mudhish voqea sababchisi — harakatlanayotgan tramvay yo`lni kesib o`tayotgan piyodani urib yuborgan va natijada jabrlanuvchi voqea joyida halok bo`lgan.
«Kompaniya tashabbusi bilan olib borilgan surishtiruv ishlari natijasiga ko`ra, tramvay haydovchisi 13 kun davomida uzluksiz ravishda, hech qanday dam olishlarsiz ishlagani ma`lum bo`ldi. Vaholanki, haydovchilar ish soati oyiga 172 soat etib belgilab qo`yilganiga qaramasdan yo`l-transport hodisasini sodir etgan haydovchi 260,4 soat ishlagani aniqlandi. “Toshkent tramvayi” korxona rahbari muovini hamda bo`lim boshlig`i haydovchilarning dam olish va ishlash tartibiga loqaydlik bilan qaraganlari uchun o`z lavozimlaridan chetlashtirildi», — deya xabar berdi kompaniya vakili.
Shuningdek, kompaniyaning 9 oylik sarhisoblariga ko`ra, joriy yilda jamoat transporti haydovchilarining aybi bilan 22 nafar yo`lovchilar turli xildagi tan jarohatlarini olishgan.