Jizzax shahridagi Olimpiya zahiralari maktab-internati binosida “Yoshlar oyligi” doirasida Qurolli Kuchlar kuch tuzilmalarining 30 yoshgacha bo`lgan vakillari o`rtasida musobaqa o`tkazildi. Bu haqda Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati ma`lum qildi.
Jizzax garnizoni Ma`naviyat va ma`rifat markazi hamda Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi tashabbusi bilan Mudofaa, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, DXX Chegara qo`shinlari tarkibidan 5 ta jamoa suvda suzish, 400 metrga harbiylashgan estafeta yugurish, savol-javob hamda erkin mavzudagi sahna ko`rinishi orqali bellashdilar.
Birinchi va ikkinchi shartlar bo`yicha harbiy jamoalarning ko`rsatkichlari deyarli farq qilmadi.
Tezkor savol-javob hamda aktyorlik mahorati shartlarida Ichki ishlar vazirligi boshqarmasi jamoasi eng yuqori natija ko`rsatib, mutloq g`oliblikni qo`lga kiritdi.
Musobaqada ikkinchi o`rin Milliy gvardiya, uchunchi o`rin esa Markaziy harbiy okrugiga qarashli harbiy qism jamoasiga nasib etdi.
G`olib jamoalar qimmatbaho sovg`a va diplom bilan taqdirlandi.






