Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga «Ish bilan band bo`lmagan fuqarolarni paxta yig`im-terim jarayoniga ixtiyoriy ravishda jalb etish tizimini tashkillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi hukumat qarori loyihasini joylashtirildi.
Loyihada Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Sirdaryo viloyati hokimligi, Mudofaa sanoati bo`yicha davlat qo`mitasining Sirdaryo viloyatida paxta yig`im-terim jarayoniga ixtiyoriy ravishda jalb etiladigan mehnat bilan band bo`lmagan fuqarolarni dala markazlariga joylashtirish bo`yicha eksperimental loyihani amalga oshirish to`g`risidagi takliflarni ma`qullash nazarda tutilgan.
«Dala markazlari mehnat bilan band bo`lmagan fuqarolarga, Aholi bandligiga ko`maklashish markazlari va xususiy bandlik agentliklari tomonidan Respublikaning turli hududlaridan munosib mehnat va turmush sharoitlarini yaratish uchun Sirdaryo viloyatida paxtani yig`ib-terib olish jarayoni bo`yicha qishloq xo`jaligi ishlarida ishtirok etish uchun tashkil etiladi», — deyilgan hujjat loyihasida.
Hujjat loyihasiga Sirdaryo viloyati hududlarida ixtiyoriy ravishda paxta hosilini yig`ib-terib olishda qatnashadigan ishsiz fuqarolar uchun dala markazlari dislokasiyasi ilova qilingan.
a) yashash uchun sanitariya-gigiena va maishiy sharoitlar:
har biri 40 kishilik yashash uchun mo`ljallangan 10ta chodir, ikki qavatli yotoq o`rni, ko`rpa-to`shaklar, choyshablar, ventilyasiya tizimi, isitish anjomlari bilan jihozlanadi;
oshxona chodiri, 2ta ovqatlanish chodirlari va stol-stullar, ovqat pishirish uchun qozonlar, samovarlar, muzlatkich, ichimlik suvi uchun idishlar, oshxona va maxsus idish-tovoqlar, oziq-ovqat etkazib berish uchun maxsus termos idishlari;
40ta yuvinish anjomlari o`rnatilgan joy va 12ta issiq suv bilan ta`minlangan dush kabinalari, 12 o`rinli hojatxona, 10ta chiqindi konteynerlari, doimiy ravishdagi suv ta`minoti;
dala markazi hududida malakali tibbiy yordam ko`rsatish, sanitariya-gigiena va epidemiyaga qarshi tadbirlarni o`tkazish uchun tibbiy inventar va dori-darmonlar hamda preparatlar bilan jihozlangan tibbiy chodir;
videoproektor, badiiy adabiyotlar, turli xil stol o`yinlari bilan jihozlangan madaniy-dam olish chodirlari;
kunlik ehtiyojlar uchun zarur sanoat tovarlar va oziq-ovqat mahsulotlari sotishga mo`ljallangan chodirlar;
b) tashkiliy-ma`muriy boshqaruv:
zarur texnikalar (kompyuter, printer, nusxa ko`chirish moslamasi va skaner) va stasionar mobil aloqa bilan jihozlangan axborot-resurs markazi;
O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi vakili va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo`yicha sektorlar rahbarlari boshchiligidagi Fermer, dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalari Kengashi, Qishloq xo`jaligi bo`limi, Moliya bo`limi, tuman Aholi bandligiga ko`maklashish markazi, tijorat banki filiali, o`zini o`zi boshqarish organlari (mahalla) vakillaridan iborat kamida 8 kishilik Ishchi guruhi tuzish;
ko`pi bilan 100 kishidan iborat paxta xom ashyosini terish bo`yicha otryadlarni shakllantirish, qishloq xo`jaligi sohasida etarli bilim va tajribaga ega bo`lgan nomzodlarni otryad rahbarligiga tayinlash, Jamoat ishlari jamg`armasi mablag`lari hisobidan har oyda belgilangan muddatlarda va miqdorlarda ish haqini to`lash;
paxta yig`im-terim jarayonida jalb qilinganlarning mehnat unumdorligini oshirish maqsadida har kuni dala maydonlarini aniqlash uchun uchuvchisiz havo vositalari (dronlar) yordamida mobil guruhlar (3-4 kishi) tuzish, otryadlarni dalaga kundalik borib-kelish logistikasini tashkil etish;
Jamoat ishlari jamg`armasi hisobidan kommunal-maishiy (elektrik, santexnik, duradgor) va bank-moliya xizmatlari (kassir va biriktirilgan bank xodimi) guruhini shakllantirish;
Jamoat ishlari jamg`armasi hisobidan sobiq harbiy xizmatchilar va ichki ishlar organlari xodimlaridan iborat jamoat tartibini saqlash va qo`riqlash (2-4 kishi) guruhini tashkil etish;
paxta terimchilarining kundalik 3 mahal ovqatlanishini, shu jumladan dala maydoniga tushlik olib borish, shuningdek tadbirkorlik sub`ektlariga autsorsing asosida oziq-ovqat va kundalik iste`mol tovarlarini chakana narxlarda sotishni tashkil etish.
Ilovalarda keltirilgan jihozlar miqdori, moliyaviy miqdorlar va kelib chiqish manbalari hamda Ishchi guruh a`zolari tasdiqlanadi:
- dala markazlarini tashkil etish uchun zarur bo`lgan mol-mulk, mebel va jihozlar ro`yxati 2-ilovaga muvofiq;
- dala markazlarini tashkil etish uchun zarur bo`lgan moliyaviy mablag`larni shakllantirish hajmi va manbalari 3-ilovaga muvofiq;
- dala markazlarini tashkil etish bo`yicha loyihani amalga oshirish Ishchi guruhi 4-ilovaga muvofiq.
Mazkur qarorning 3-ilovasiga asosan tegishli idora va jamg`armalar o`n kun muddatda O`zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Sirdaryo viloyati Bandlik bosh boshqarmasi huzurida ochilgan maxsus hisob-raqamiga belgilangan miqdordagi mablag`larni o`tkazish choralarini ko`rishi belgilangan.
Sirdaryo viloyati Bandlik bosh boshqarmasiga dala markazlarini tashkil etish uchun zarur bo`lgan mol-mulklar, mebel va inventarlarni xarid qilishni amalga oshirish, shuningdek, tadbirkorlik sub`ektlaridan eng yaxshi takliflarni tanlab olish asosida to`g`ridan-to`g`ri shartnomalar tuzish orqali o`z hududida oziq-ovqat va chakana savdo mahsulotlarini xarid qilish tashkil etilishini autsorsingga berish huquqi beriladi.
Sirdaryo viloyati Bandlik bosh boshqarmasining dala markazlarini qurish uchun ochilgan maxsus hisob-raqamiga kelib tushadigan mablag`lar har qanday soliq turlaridan ozod qilinadi.
O`zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi:
- Sirdaryo viloyati hududida tashkil etiladigan dala markazlariga paxtani yig`im-terim jarayonida respublikaning boshqa hududlaridan ish bilan band bo`lmagan fuqarolarni ixtiyoriy ravishda jalb qilish ishlarini tashkillashtirish vazifasi yuklanadi;
- dala markazlari faoliyatini moliyalashtirish va tashkil etish chora-tadbirlari muvofiqlashtirib boriladi va tezkor nazorati olib boriladiO`zbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati bo`yicha davlat qo`mitasi mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchi korxonalardan zaruriy texnik jihozlarni sotib olish yuzasidan amaliy yordamlar ko`rsatadi.
- Sirdaryo viloyati hokimligi:
- dala markazlarining, ayniqsa, ularni ma`muriy boshqarish va xizmat ko`rsatish bo`yicha samarali faoliyatini tashkillashtiradi;
- mahalliy byudjet hisobidan dala markazlari joylashtirilgan hududlarda muntazam ravishda maishiy chiqindilarni tozalash va ichimlik suvi bilan ta`minlash hamda yong`in oldini olish ishlarini tashkil etadi;
- O`zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi bilan birgalikda dala markazlarini tashqi yoritish, shu jumladan chodirlar, sanitariya va gigieniya punktlarini elektr ta`minoti bilan uzluksiz ta`minlash choralarini ko`radi;
- O`zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda dala markazlarini mobil aloqa hamda internet xizmatlari bilan ta`minlash ishlari tegishli murojatga asosan o`rnatilgan tartibda texnik imkoniyatdan kelib chiqqan holda ta`minlash choralarini ko`radi;
- paxta terimchilarining dala maydonlariga kunlik borib-kelishi uchun transport vositalari ajratadi va texnika xavfsizligiga etibor qaratadi.






