Markaziy harbiy okrug tasarrufidagi Jizzax viloyati Baxmal tumanidagi harbiy qismda muddatli harbiy xizmatni o`tayotgan oddiy askar Ibrohim Abduvaliev (Maykl) harbiy xizmatchilarning farzandlariga ingliz tilidan saboq bermoqda. Bu haqda Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati ma`lum qildi.
Har bir o`quvchiga inglizcha murojaat qilayotgan askar fanning tez va oson o`zlashtirilishi uchun turli usullarni qo`llayapti.
Shuningdek, harbiy qismda ta`til vaqtida bolajonlarning bo`sh vaqtini mazmunli o`tkazish maqsadida “Men g`olibman” nomli sport musobaqasi o`tkazildi. Unda 6 yoshgacha va undan yuqori yoshdagi bolalar velomarafonda qatnashishdi.
Shu bilan birga, kapitan Barhayot Ismatullaev rahbarligidagi “Boks” va “Qo`l jangi” sport to`garagi ishtirokchilari o`rtasidagi chempionat yoshlarni mazkur sport turiga ishtiyoqini yanada oshirdi.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta tashabbus bo`yicha o`tkazilgan mazkur musobaqa g`oliblariga harbiy qism komandiri tomonidan medal va diplomlar topshirildi.






