AsosiyJamiyat

Kamharakatlilik – o`lim xavfini yuzaga keltiruvchi etakchi omil (Foto)

'Kamharakatlilik – o`lim xavfini yuzaga keltiruvchi etakchi omil (Foto)'ning rasmi

Sog`liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan haftaning har shanba kuni mamlakatimiz bo`ylab keng ko`lamli ommaviy sog`lomlashtirish tadbirlari tashkil etilmoqda. 29 iyun kuni ham ushbu ezgu an`ana davom etgan holda, “Jismoniy faollik – uzoq umr garovi” shiori ostida yurtimiz bo`ylab turli tadbirlar tashkil etildi.

Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining ma`lumotiga ko`ra, bugungi taraqqiyot tufayli insoniyat hayot tarzida kamharakatlilikka odatlanayotgani ko`plab tibbiy-ijtimoiy muammolarga sabab bo`lmoqda. Dunyo miqyosida qayd etilayotgan o`lim holatining har to`rtdan biriga aynan shu omil sabab bo`lmoqda. Masalan, sut bezi va yo`g`on ichak saratoni, qandli diabet, yurak ishemik kasalliklari yuzaga kelishining 25-30 foiziga ana shu jihat jiddiy turtki bo`ladi.

Bunday muammoning oldini olish har bir insonning o`z qo`lida. To`g`ri, bugungi tig`iz ish kuni soatlab sport mashg`ulotlari bajarishga imkon bermasligi mumkin. Biroq, hech bo`lmaganda kunda-kunora 20-30 daqiqalik jismoniy mashqlarni bajarish, kuniga 1-2 kilometr piyoda yurish uchun hammada imkon topiladi. Shifokorlarning aytishicha, ana shu ozgina harakat ham organizmni kislorodga to`yintirish, modda almashinuvini yaxshilashda ijobiy natija beradi. Bunday kun tartibiga odatlangan inson xafaqon, infarkt, insult, saraton kabi og`ir kasalliklardan o`zini himoyalaydi.

Shundan kelib chiqqan holda Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan davlat va nodavlat tashkilotlar hamkorlikda aholi orasida sog`lom turmush tarzini va jismoniy faollikni targ`ib etish bilan bog`liq ommaviy tadbirlarga alohida e`tibor qaratilmoqda. Xalqimizga tibbiy-profilaktika va patronaj yordamini ko`rsatish, onalar va bolalar salomatligini muhofazalash bilan bog`liq chora-tadbirlar ko`lami ham kengayib borayotir. Yurtimizda amalga oshirilgan keng ko`lamli islohotlar natijasida fuqarolarimizning o`rtacha umr ko`rish davomiyligi 1990 yildagi 67 yoshdan 2018 - yilda 74 yoshga uzaydi.

Har shanba kuni yurtimiz bo`ylab an`anaviy tarzda o`tkazilayotgan ommaviy sog`lomlashtirish tadbirlari bu boradagi xayrli ishlarni izchil davom ettirish, xalqimiz salomatligini asrashda muhim omil bo`lmoqda. Bu galgi aksiya ham poytaxtimiz va barcha hududlarda uyushqoqlik bilan tashkil etildi.

Aksiya doirasida yirik tadbirlardan biri poytaxtimizdagi “Milliy” stadionda o`tkazildi. Sog`liqni saqlash vazirligi va O`zbekiston Xotin-qizlar qo`mitasi xodimlari, turli davlat va nodavlat tashkilotlar va keng jamoatchilik vakillari, faol yoshlar 5 kilometrlik masofani piyoda bosib o`tdi.

Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tashkil etilgan ushbu ommaviy tadbirlarda yurtimizdagi tibbiyot muassasalari shifokorlari, hududlardagi hamkor tashkilotlar vakillari hamda mahalla faollari ishtirok etishdi.

Sog`liqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi.

Boshqa yangiliklar