28 iyun kuni Adliya vazirligi tomonidan «Media-savodxonlik va fake-news» mavzusida jurnalistlar uchun seminar bo`lib o`tdi. Tadbirda Adliya vaziri o`rinbosari Xudoyor Meliev, Qonunchilik palatasi qo`mita raisi Ilhom Abdullaev, jurnalistlar, blogerlar, soha mutaxassislari ishtirok etishdi. Bu haqda vazirlikning Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi xabar berdi.
Axborot tarqatish huquqi va mas`uliyati, yolg`on ma`lumot tarqatganlik uchun javobgarlik masalalari muhokama qilingan seminarda kuni kecha qabul qilingan «Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta`minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»gi prezident qarorida tilga olingan vazifalar ham e`tibor markazida bo`ldi.
Xususan, qarorda aytilgan «ikki oy muddatda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ma`lumot taqdim etmaganlik yoki noto`g`ri ma`lumot taqdim etganlik, shuningdek, ommaviy axborot vositalari faoliyatiga to`sqinlik qilganlik va jurnalistlarga bosim o`tkazganlik uchun javobgarlikni belgilash to`g`risida takliflar kiritsin» degan band yuzasidan seminarga yig`ilganlarning mulohazalari tinglandi.
Adliya vaziri o`rinbosari Xudoyor Meliev ushbu masala yuzasidan quyidagicha bayonot berdi: «Prezident qaroriga asosan Adliya vazirligi tomonidan jurnalistlarga ma`lumot taqdim etmaslik yoki noto`g`ri ma`lumot taqdim etish, shuningdek, ularning faoliyatiga to`sqinlik qilish va jurnalistlarga bosim o`tkazganligi uchun davlat organlarining javobgarligi masalasini qonunchilikka kiritish bo`yicha ishlar olib borilmoqda. Bunda, biz birinchi navbatda, professional qatlam, ya`ni jurnalist va blogerlardan tegishli takliflarni kutib qolamiz».
02.07.2019 05:50
Adliya vazirligi jurnalistlarga bosim o`tkazganlik uchun javobgarlik belgilamoqchi






