AsosiyJamiyat

Qishloq xo`jaligi ekinlarini joylashtirish tizimi tubdan takomillashtiriladi

'Qishloq xo`jaligi ekinlarini joylashtirish tizimi tubdan takomillashtiriladi'ning rasmi

Joriy yilning 2 iyul kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Agrar va suv xo`jaligi masalalari qo`mitasi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, soha mutaxassislari ishtirokida kengaytirilgan yig`ilish o`tkazildi.

Unda Prezidentimizning 2019 yil 17 apreldagi “Qishloq xo`jaligi sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoni bilan tasdiqlangan “Qishloq xo`jaligida er va suv resurslaridan samarali foydalanish” konsepsiyasini amalga oshirish bo`yicha “Yo`l xaritasi”ni o`z vaqtida va samarali ijrosi bo`yicha vazifalar muhokama etildi.

Agrar va suv xo`jaligi masalalari qo`mitasi raisi To`lqin Eshnazarov so`nggi yillarda kuzatilayotgan suv tanqisligi va ichki irrigasiya tarmoqlarining asosiy qismi yaroqsiz holatga kelgani sug`oriladigan ekin erlarining meliorativ holati yomonlashishiga va yillar davomida foydalanishdan chiqib ketishiga olib kelganini qayd etdi.

– Mazur hujjat mamlakatimizda foydalanishdan chiqib ketgan erlarni bosqichma-bosqich qayta foydalanishga kiritish ishlarini yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Qishloq xo`jaligi vazirining birinchi o`rinbosari Shuhrat Teshaev. – Endilikda Qishloq xo`jaligi ekinlarini etishtirish agrotexnikasi, er va suv resurslaridan foydalanish holatini geoaxborot tizimi orqali monitoring qilish, erni masofadan zondlash tizimlaridan keng foydalaniladi. Rentabelligi past bo`lgan paxta, g`alla va boshqa ekinlar er maydonlarini to`liq xatlovdan o`tkazib, unumdorligi va foydalanish samaradorligini oshirish bo`yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqiladi. Qishloq xo`jaligi ekinlarini joylashtirish tizimini tubdan takomillashtiriladi. Bunda hududlarning tuproq, iqlim sharoitlari va suv bilan ta`minlanganlik darajasi, ichki va tashqi bozorda mahsulotga bo`lgan talab, daromadliligi asosiy mezon bo`lishi kerak.

Yig`ilishda tegishli vazirlik, davlat qo`mitalari va idoralar rahbarlarining Farmonda, Qishloq xo`jaligida er va suv resurslaridan samarali foydalanish konsepsiyasida va uni amalga oshirish bo`yicha “Yo`l xaritasi”da belgilangan vazifalarni amalga oshirish hamda 2020-2030 yillarda qishloq xo`jaligi erlaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo`yicha ko`riladigan chora-tadbirlarning, 2019-2022 yillar davomida qishloq xo`jaligi erlarida suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishning prognoz ko`rsatkichlarining ijrosini ta`minlash, shuningdek, xalqaro moliya institutlarini jalb qilgan holda, eksperiment tariqasida 2019 yilda Namangan viloyatining Pop va Mingbuloq tumanlarida Konsepsiyani amalga oshirish tajribasini yaratish borasida qilinayotgan ishlar to`g`risidagi axborotlari eshitilib, muhokama qilindi.

Ta`kidlanganidek, 2020-2030 yillarda qishloq xo`jaligi erlaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo`yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar prognoz ko`rsatkichlarining bajarilishi hisobiga respublika bo`yicha 1 mln. 11 ming gektardan ortiq sug`oriladigan er maydonlar qayta foydalanishga kiritiladi. Shuningdek, 2019-2022 yillar davomida qishloq xo`jaligi erlarida suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish bo`yicha tasdiqlangan prognoz ko`rsatkichlarining bajarilishi hisobiga Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlar bo`yicha jami 253,4 ming gektarga yaqin maydonlarida tomchilatib sug`orish texnologiyasi tatbiq etiladi.

Muhokamalarda asosiy e`tibor Suv tanqis hududlarda kam suv talab qiladigan, suvsizlikka chidamli va suv to`plash hususiyatiga ega bo`lgan ekinlarni joylashtirish kabi masalalarga qaratildi. Mutaxassislar tarmoqlarni intensiv rivojlantirish talabidan kelib chiqqan holda qishloq xo`jaligi ekinlarini ekish sxemalarini takomillashtirish, maydon birligi hisobiga ko`chat sonini maqbul darajagacha oshirish bo`yicha bir qator takliflar kiritdi.

Yig`ilish yakunida kun tartibidagi masala yuzasidan qo`mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Manba: Vazirlik matbuot xizmati

    Boshqa yangiliklar