AsosiyJamiyat

O`zbekistonda toshdan qog`oz ishlab chiqariladi

'O`zbekistonda toshdan qog`oz ishlab chiqariladi'ning rasmi

Farg`onada toshdan qog`oz ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Fergana stone paper company” O`zbekiston-Xitoy qo`shma korxonasi tashkil etildi.

Xususan, xitoylik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda toshdan ekologik toza qog`oz ishlab chiqarish innovasion loyihasi amalga oshirilmoqda.

Farg`ona viloyati hokimi Sh.G`aniev 25-27 aprel kunlari Xitoyda bo`lib o`tgan “Bir makon, bir yo`l” xalqaro forumida ishtirok etib, loyihani amalga oshirish bo`yicha memorandum imzolagan. Davlat rahbarining 6-7 may kunlari Farg`ona viloyatiga tashrifi chog`ida mazkur loyihaning taqdimoti o`tkazilgan edi.

Bugun “Sayqal” mas`uliyati cheklangan jamiyati va Xitoyning “Henan GX-Mach environmental technology co.LTD” kompaniyasi o`rtasida 7 million dollarlik toshdan qog`oz ishlab chiqarishni yo`lga qo`yish bo`yicha ta`sis shartnomani imzolash marosimi bo`lib o`tdi. Kelishuvga asosan “Fergana stone paper company” qo`shma korxonasi ta`sis etildi.

4.JPG

– Bugungi kunda tarixiy jarayon ustida turibmiz, – deydi “Sayqal” MChJ menejeri Temur Akramov. – Chunki Farg`ona shahrida MDH mamlakatlarida yagona bo`lgan toshdan qog`oz ishlab chiqarish sanoati tashkil etilmoqda. Loyihaning 3 million 593 ming dollariga uskuna va texnologiyalar olib kelinadi va bir yilda 9 ming tonnadan ziyod toshdan qog`oz ishlab chiqariladi.

Loyiha tashabbuskori Abdurahmon Niyozovning aytishicha, qog`oz tayyorlash jarayonida ekologiyaga hech qanday zarar etmaydi, balki oddiy tosh yoki kalsiydan foydalaniladi. Lekin tosh qog`ozning sifati sellyuloza qog`oznikidan butunlay farq qiladi. Ishlab chiqarilayotgan mahsulot ekologik toza. Masalan, odatiy qog`oz ishlab chiqarish jarayonida sellyuloza va katta miqdorda suv kerak bo`ladi. Ana shu suvning uchdan bir qismi zaharli moddalar hisoblanadi. Toshdan qog`oz ishlab chiqarishda esa suv kerak bo`lmaydi. Bundan tashqari, mahsulot suvda erimaydi, yozuvlar uzoq muddat davomida o`chib ketmaydi. Allergik kasalliklarni keltirib chiqarmaydi. Tannarxi va sifat darajasi oddiy qog`ozga nisbatan bir necha barobar arzon.

Eslatib o`tamiz, toshdan qog`oz ishlab chiqarish industriyasi sanoat darajasida faqatgina Xitoy va Tayvan davlatlarida yo`lga qo`yilgan. Farg`ona viloyati ma`muriy markazida Xitoy bilan imzolangan bugungi shartnoma esa ular qatoriga O`zbekistonni ham qo`shdi.

11-faqat saytga.JPG

    Boshqa yangiliklar