Qator ommaviy axborot vositalarida “Damas” rusumli avtomashinalarga Termiz shahri ichida yo`lovchi tashish xizmati bilan shug`ullanish taqiqlanganligi oqibatida noroziliklar paydo bo`lgani haqida ma`lumotlar tarqatildi.
Adliya vazirligi to`g`risidagi nizomga muvofiq hokimliklar tomonidan normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishning belgilangan tartibiga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshirish Vazirlikning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.
Shunga ko`ra, mazkur masala yuzasidan quyidagilar ma`lum qilinadi.
Termiz shahar hokimi tomonidan 2019 yil 13 iyunda “Termiz shahrida transport xizmatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaror qabul qilingan.
Mazkur qaror bilan shu jumladan, 2019 yil 1 iyuldan boshlab Termiz shahri ichida “Damas” rusumli transport vositalari harakatini to`xtatish bo`yicha mutasaddi idoralarga vazifalar yuklangan.
Ta`kidlab o`tish lozimki, mazkur qaror loyihasi Termiz shahar adliya bo`limi tomonidan ko`rib chiqilib, tadbirkorlik faoliyatiga to`sqinlik qiluvchi va raqobat to`g`risidagi qonun hujjatlari prinsiplarini buzishi mumkinligi tufayli Savdo-sanoat palatasi va Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasining hududiy boshqarmalari bilan kelishilishi lozimligi haqida xulosa taqdim etilgan.
Bundan tashqari, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish tartib-taomilining murakkablashtirilishini va tadbirkorlik faoliyati sub`ektlari zimmasiga yangi majburiyatlar yuklatilishini nazarda tutadigan qonun hujjatlari rasmiy e`lon qilingan kundan e`tiboran kamida uch oydan keyin kuchga kirishi lozim.
Biroq, Termiz shahar hokimligi tomonidan qaror tegishli idoralar bilan kelishilmasdan, adliya bo`limining huquqiy ekspertiza yakunlari bo`yicha ijobiy xulosasini olmagan holda qabul qilinganligi natijasida qator qonun hujjatlari talablari buzilgan.
Yuqoridagilarga ko`ra, 10 kunlik muddatda mazkur qarorni bekor qilish, shuningdek aybdor shaxslarga tegishli choralar ko`rilishi uchun 2019 yil 3 iyul kuni Termiz shahar adliya bo`limi tomonidan Termiz shahar hokimligiga taqdimnoma kiritildi.
Ma`lumot o`rnida Adliya vazirligi mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish amaliyoti qat`iy nazorat ostiga olinganligini, bu bo`yicha hududiy adliya organlari tomonidan hokimliklarga tegishli huquqiy va metodik yordam ko`rsatib kelinayotganligini bildiradi.
Xususan, 2019 yilning o`tgan davrida tuman (shahar) adliya bo`limlari tomonidan kiritilgan taqdimnomalarga asosan tuman (shahar) hokimlarining 160 ta qarorlari bekor qilingan, 165 nafar mas`ul shaxs javobgarlikka tortilgan.






