Prezidentimizning 2019 yil 6 maydagi “Tibbiyot va farmasevtika ta`limi va ilm-fani tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarorida tibbiyot sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlash, shifokorlarning malakasini oshirish, ta`lim va ilm-fan jarayonlarini tibbiyot amaliyoti bilan integrasiya qilish borasida keng qamrovli vazifalarni amalga oshirish belgilab berilgan edi. Jumladan, Toshkent tibbiyot akademiyasining birinchi, ikkinchi va uchinchi klinikalari negizida zamonaviy tibbiyot ta`lim klasterini yaratish orqali ushbu oliy ta`lim muassasasining Ko`p tarmoqli klinikasini tashkil etish belgilangan edi.
Ayni paytda mazkur qaror ijrosini ta`minlash maqsadida ko`p tarmoqli klinika tashkil etildi. Sog`liqni saqlash vazirligining tegishli buyrug`i bilan tibbiyot fanlari nomzodi Dildora Rustamova ta`lim, amaliyot va ilm-fan integrasiyasini ta`minlashga ixtisoslashganushbu yangi Ko`p tarmoqli klinika direktori etib tayinlandi.
D. Rustamova 1992 yilda Toshkent tibbiyot akademiyasida va 2009 yil O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasida tahsil olgan. Shu vaqtgacha u Toshkent tibbiyot akademiyasi 3-klinikasi bosh shifokori lavozimida faoliyat ko`rsatib kelayotgan edi.
Sog`liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi.






