Xalq ta`lim vazirligi tarqatgan ma`lumotga ko`ra, ijtimoiy tarmoqlar, turli internet saytlarida qattiq tanqid qilingan Namangan viloyati Kosonsoy tuman markazida tashkil etilayotgan “Yashil xiyobon” hududida xalq ta`limi tizimida faoliyat yurituvchi texnik xodimlarni majburiy mehnatga jalb qilish holati o`rganib chiqilgan.
Xalq ta`limi vazirining Huquqiy-nazorat xizmatining o`rganishi natijasiga ko`ra, 2019 yil 28 iyun kuni “Obod markaz” Davlat dasturi asosida har bir ta`lim muassasasiga 10 metrdan joy ajratilib, direktorlarga beton quyish hamda obodonlashtirish ishlarini bajarish yuzasidan topshiriq berilgan.
Topshiriqqa asosan, 29 iyun kuni tuman xalq ta`limi tizimining 80 nafar texnik ishchi xodimlari yangi barpo etilayotgan “Yashil xiyobon” hududida “shanbalik” niqobi ostida eni 1,5-2 metr, uzunligi 410 metr joyga beton quyish va obodonlashtirish ishlariga majburiy jalb etilganligi ma`lum bo`lgan.
Xabarda aytilishicha, holat yuzasidan o`tkazilgan o`rganish natijasi bo`yicha Kosonsoy tumani xalq ta`limi bo`limi mudiri vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi F.N. vazifasidan ozod etilib, M.Alloxonova Kosonsoy tumani xalq ta`limi bo`limi mudiri vazifasiga tayinlandi.
Kosonsoy tumanidagi umumta`lim maktablarining 80 nafar ishchi-xodimlari majburiy mehnatga jalb etilganligi uchun mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko`rilishini ta`minlash maqsadida O`zbekiston Respublikasi Bosh prokurori nomiga joriy yilning 4 iyul kuni xat yuborildi.
Xalq ta`limi vazirligi o`qituvchilarning shikoyatlarini qabul qiluvchi virtual inspektorni ishga tushirgan. O`qituvchilar majburiy mehnatga jalb etilganida, huquqlari buzilganda yoki turli to`lovlarga majburlangan holatlarda ovoz.uzedu.uzsayti yoki +998 99 988 10 06 telefoni va telegram raqamiga murojaatlarini yuborishlari mumkin.






