1

Samarqandda sayyor qabul: Kreditga bog`liq, xizmatga oid va davolanish bo`yicha murojaatlar ijobiy hal etildi

Jamiyat 10.07.2019, 09:50
Samarqandda sayyor qabul: Kreditga bog`liq, xizmatga oid va davolanish bo`yicha murojaatlar ijobiy hal etildi

Kecha, 9 iyul kuni Mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo`yicha o`rinbosari general-mayor Azizbek Ikramov boshchiligidagi mas`ul mansabdor shaxslardan iborat guruh Markaziy harbiy okrugning Samarqand shahrida joylashgan konsert zalida sayyor qabul o`tkazdi.

Qabul davomida Mudofaa vazirligi markaziy apparatidan iborat ishchi guruh barobarida okrug qo`mondonligi mas`ul ofiserlari, harbiy xizmatchilar va ularning oila a`zolari hamda harbiy pensionerlarning mavjud muammolari, talab, taklif va ehtiyojlari o`rganilib, ularga amaliy ko`mak berish yuzasidan ish olib borildi.

Turfa murojaatlar bilan sayyor qabul guruhiga yuzlanayotgan yurtdoshlarimizning og`iri engil, uzog`i yaqin bo`lmoqda. Xususan, salomatligi tufayli yillar davomida aziyat chekib kelayotgan sakkiz nafar nafaqadagi harbiy xizmatchi hamda ularning oila a`zolariga Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitalida davolanish imkoniyati taqdim etiladigan bo`ldi. Agar zarurat tug`ilsa, hatto xorij shifoxonalariga ham yo`llanma olishiga imkon bo`lishiga va`da berildi.

O`n sakkiz yarim yildan buyon Vatan tinchligi yo`lida xizmat qilib kelayotgan kichik serjant Xalil Hamroev farzandining sog`ligida muammolar borligi, Jizzax shahrida buni davolovchi shifokorlar mavjudligi hamda harbiy xizmatchining ushbu shaharda o`z uyi borligi sabab murojaatchining xizmat joyi ko`chiriladigan bo`ldi.

Shuningdek, iste`mol, ipoteka va avtokreditlarni olishda yuzaga kelayotgan muammolar ham joyida bartaraf etildi.

Muddatli harbiy xizmatni o`tab, shartnoma bo`yicha harbiy xizmatni davom ettirish uchun hujjatlarini yuborgan sportchi Shernazar Zoitovning ishlari ham bu yog`iga tezlashadi. Mudofaa vazirining o`rinbosari bu borada mas`ul ofiserlarga tegishli ko`rsatmalarni berdi.

Bundan tashqari, ushbu sayyor qabullar Kattaqo`rg`on tumanida ham o`tkazildi.

Eslatib o`tamiz, shu kabi sayyor qabullar 10 iyul kuni Jizzax shahrida, 11-12-iyul kunlari esa Navoiy shahri va tumanlarida o`tkazilishi rejalashtirilgan.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1