1

5 yil stajga ega bo`lgan xodimlarning sirtqi va kechki ta`lim qabuliga oid yangilik

Jamiyat 10.07.2019, 15:37
5 yil stajga ega bo`lgan xodimlarning sirtqi va kechki ta`lim qabuliga oid yangilik

Davlat qabul komissiyasining qarori bilan iqtisodiyot tarmoqlarida kamida 5 yil ish stajiga ega bo`lgan fuqarolarni sirtqi va kechki ta`lim shakliga suhbat natijalariga ko`ra tabaqalashtirilgan to`lov-kontrakt asosida o`qishga qabul qilish tartibi, shuningdek, tavsiya etish huquqiga ega bo`lgan vazirlik, idora va yirik xo`jalik birlashmalarining ro`yxati tasdiqlandi. Bu haqida Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi xabar bermoqda.

Ro`yxatdagi tashkilotlar 100 nafargacha xodimga tavsiyanoma berishi mumkin.

Sirtqi ta`lim shakli uchun 5 yil, kechki ta`lim shakli uchun 4 yil o`qiladi.

Suhbat asosida talaba bo`lgan xodimlarning to`lov-shartnoma mablag`lari ishlab turgan tashkilot tomonidan to`lab beriladi.

Tavsiyanoma olgan xodimlar 20 iyulgacha (shu kuni ham) quyidagi hujjatlarni topshiradi:

  • ariza;
  • diplom yoki shahodatnoma;
  • pasport nusxasi (originali ko`rsatiladi);
  • 3,5 x 4,5 sm o`lchamdagi 6 dona fotosurat;
  • mehnat daftarchasidan tasdiqlangan ko`chirma;
  • ish joyidan tavsiyanoma;
  • tashkilotning to`lov-shartnoma mablag`larni o`z vaqtida to`lab berish bo`yicha kafolat xati.

Tavsiyanoma olgan xodim-abiturientlar uchun suhbatlar 10 avgustdan 20 avgustga qadar o`tkaziladi.

E`tibor berishlaringizni so`rar edim, 5 yillik ish stajiga ega bo`lgan xodimlarini suhbat bilan o`qishga qabul qilish uchun tavsiyanoma berish vakolati barcha tashkilotlarda ham yo`q.

Bunday huquq faqat ro`yxatda ko`rsatilgan vazirlik, idora va yirik xo`jalik birlashmalarda bor.

Masalan, Xalq ta`limi vazirligi ushbu ro`yxatda yo`q, demak o`qituvchilar tavsiyanoma asosida suhbat bilan qabul qilinmaydi.

Yoki Sog`liqni saqlash vazirligi ham yo`q, demak hamshiralar ham bunday huquqdan foydalana olmaydi. Lekin ro`yxatda keltirilgan tashkilotlarning tarkibida davolash muassasalari bo`lsa, o`sha erda ishlaydigan hamshiralarga bunday tavsiyanoma berilishi mumkin.

Shuningdek, xususiy firmalarda ham tavsiyanoma berish vakolati yo`q.

RO`YXATDA YO`QLAR NIMA QILADI?

Ro`yxatda yo`qlar shunchaki oddiy abiturientlar singari xohlasa kunduzgi, xohlasa sirtqi yoki kechki ta`limga hujjat topshiradi va test asosida omadini sinab ko`radi. Tavsiyanoma olganlarning ustunligi ular test emas, suhbatdan o`tadi hamda kontraktini tashkilot to`lab beradi (kelgusida ishlab berish sharti bilan).

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1