Hukumat qarori (566-son, 09.07.2019 y.) bilan O`zini o`zi band qilgan fuqarolarga vaqtinchalik mehnat guvohnomasini berish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.
Qarorga muvofiq, 2019 yil 1 sentyabrdan o`zini o`zi band qilgan fuqarolarga vaqtinchalik mehnat guvohnomalari beriladi.
O`zini-o`zi band qilgan fuqarolar – xizmatlar ko`rsatishni, ishlar bajarishni mustaqil amalga oshiradigan, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro`yxatga olinmagan va yollanma mehnatdan foydalanmaydigan, mehnat staji hisobga olinishi va rag`batlantiruvchi imtiyozlardan foydalanish huquqi bilan vaqtinchalik mehnat guvohnomalarini rasmiylashtirgan shaxslardir.
Mehnat guvohnomasi ariza beruvchining xohishiga ko`ra 1 oydan 12 oygacha muddatga, mehnat organlari tomonidan fuqarolarning doimiy yashash joyidan qat`i nazar beriladi.
Arizalar 3 kunda ko`rib chiqiladi.
Guvohnomada ko`rsatilgan davr pensiyani hisoblab chiqarish uchun fuqarolarning mehnat stajiga kiritiladi.
O`zini o`zi band qilgan fuqarolarga banklardan Bandlikka ko`maklashish jamg`armalari hisobiga imtiyozli mikrokreditlar ajratiladi.






