AsosiyJamiyat

Farg`onadagi paxtani qayta ishlash zavodi mutasaddilari 15 nafar ishchining ish haqini to`lamaganligi aniqlandi

Farg`ona viloyati Yozyovon tumanining Qoratepa qishlog`ida yashovchi Ravshanbek Soyibov “Quva paxtani qayta ishlash zavodi” aksiyadorlik jamiyatiga mavsumiy ishga kiradi. Lekin ish haqini vaqtida ololmaydi. Oxir-oqibat najot istab, Farg`ona viloyat adliya boshqarmasining “Ishonch telefoni”ga sim qoqadi. Bu haqda uz24.uz nashri “Inson va qonun” gazetasi ma`lumotlariga tayanib xabar beradi.

Mazkur murojaat boshqarma mutaxassislari tomonidan batafsil o`rganib chiqilganda, fuqaro shartnomaga ko`ra, uch oy muddatga ishga qabul qilingani, unga 1 million 65 ming so`m ish haqi hisoblangan bo`lsa-da, faqatgina iyun oyida 160 ming so`m berilgani aniqlandi. Qolgan 905 ming so`mni to`lashni esa jamiyat hisobchilari paysalga solib kelgan. Vaholanki, bajarilgan ishlar dalolatnomasiga asosan har oylik ish haqi keyingi oyning 5-sanasiga qadar to`lanishi lozim edi.

Shuningdek, murojaatni o`rganish mobaynida “Quva paxtani qayta ishlash zavodi” AJ mutasaddilari yana 15 nafar ishchining 11 million 954 ming 590 so`mlik ish haqini to`lamaganliklari aniqlandi. Shu bois viloyat adliya boshqarmasi tomonidan Ravshanbek Soyibovga to`lanmagan 905 ming so`m ish haqi va 1 million so`m ma`naviy zarar undirish, 15 nafar ishchining ish haqini undirish yuzasidan esa sud buyrug`i chiqarishni so`rab, fuqarolik ishlari bo`yicha Farg`ona tumanlararo sudiga da`vo arizasi kiritildi.

Sud majlisiga qadar jamiyat tomonidan R.Soyibovning ish haqi to`lab berildi. 15 nafar ishchining ish haqini undirishga oid sud buyrug`i chiqarildi.

    Boshqa yangiliklar