1

Sayyor qabullar hisobot uchun emas, aholi roziligiga qaratilgan

Jamiyat 16.07.2019, 12:34
Sayyor qabullar hisobot uchun emas, aholi roziligiga qaratilgan

2019 yilning 6 oyi mobaynida Do`stlik tumanidagi 4 ta sektorlar rahbarlari tomonidan o`zlariga biriktirilgan hududlarda yashovchi fuqarolar bilan jami 72 marotaba ommaviy qabul tadbirlari o`tkazildi. Bo`lib o`tgan ommaviy qabullarda aholi tomonidan eng dolzarb va o`tkir muammolar ko`tarilmoqda.

Shunday uchrashuvlardan birida G`ofur G`ulom mahallasida yashovchi Abduvali Sarimsoqov aholining ko`p yillik muammosi bo`lgan drenajlarni ishga tushirish lozimligini aytgan edi. Mahalla ahli yog`in-sochinli davrlarda juda qiynalar, er osti sizot suvining yuqorilab ketishi natijasida uylar hamda ma`muriy binolarning er to`lalari suv bilan to`lardi. Muammo ko`tarilganidan keyin aloqador tashkilot va idoralari mutasaddilari bilan joyiga chiqib o`rganildi.

Ushbu muammo tuman Xalq qabulxonasi va 3-sektor rahbari I.Nurmatov tomonidan tuman hokimligi darajasida ko`tarildi. Tuman hokimligining tashabbusi bilan tegishli tashkilotlar va keng jamoatchilik vakillari homiyligi asosida drenaj tizimining Do`stlik Qishloq xo`jalik kasb-hunar kolleji hovlisi, “A.Sarkisov” kanalining va Arnasoy tumaniga olib boruvchi yo`ldan “Mevazor” QFYga o`tuvchi qismlaridagi eski quvurlar to`liq yangilandi. Natijada mahalla o`rtasida to`planib, atrofga badbo`y hid taratgan sizot suvlar to`planib qolishiga barham berildi.

O`tkazilgan sayyor qabullardan shu kabi ko`plab muammolar hal etilmoqda. Tadbirlarda ishtirok etgan 2959 nafar fuqarolarning 639 nafari o`zlarining 803 ta muammoli masalalari yuzasidan murojaat qilishgan. Ushbu murojaatlardan 466 tasi o`rganib chiqilib qanoatlantirilgan, 294 tasi bo`yicha fuqarolarga asosli tushuntirishlar berilgan, 43 ta murojaatlar esa hozirgi kunda ijrochi tashkilotlar tomonidan o`rganib chiqilmoqda.

Ushbu raqamlarni 4 ta sektorlar kesimida ko`rib chiqarkanmiz, 1-sektor rahbari tuman hokimi Ulug`bek Uzoqov olti oy mobaynida 20 ta sayyor qabullar o`tkazgan. Unda fuqarolardan 218 ta muammoli masalalari yuzasidan murojaatlar bo`lgan. Murojaatlarning 135 tasi ijobiy hal etilgan, 81 ta murojaat bo`yicha fuqarolarga asosli tushuntirishlar berilgan, 2 tasi ayni paytda o`rganilmoqda.

Tuman prokurori Akbar Sakievga biriktirilgan 2-sektor hududida 18 ta sayyor qabullar tashkil etilgan. Ularda 175 ta muammoli masalalari ko`tarilgan. Murojaatlarning 104 tasi ijobiy hal etilgan, 59 tasi bo`yicha fuqarolarga asosli tushuntirishlar berilgan, qolgan 12 ta murojaatlar o`rganilyapti.

3-sektorga rahbarlik qilayotgan tuman IIB boshlig`i I.Nurmatov aholi bilan 18 ta uchrashuv o`tkazib, fuqarolardan 194 ta muammoli masalalari tushgan. 123 ta murojaat qanoatlantirilgan, 55 tasi bo`yicha fuqarolarga kerakli maslahatlar berilgan, 16 ta murojaatlar esa o`rganilmoqda.

Tuman DSI boshlig`i R.Begimqulov 4-sektor hududidagi aholi yashash manzillarida 16 ta sayyor qabullar tashkil etgan. Uchrashuvlar davomida 216 ta muammoli masalalari yuzasidan murojaat qabul qilingan. Aytilgan murojaatlarning 104 tasi o`rnida hal etilgan. 99 tasi tushuntirishlar berilgan, 13 ta murojaatlar esa o`rganilmoqda.

Ta`kidlash joizki, o`tgan davr mobaynida Jizzax viloyati hokimligi tomonidan tasdiqlangan jadval asosida 2019 yil 4 aprel kuni Jizzax viloyati hokimi E.Saliev tomonidan aholi bilan uchrashuv o`tkazildi.Uchrashuvda Nomoz Xolmurodov “Chinobod” mahallasida joylashgan 24 ta barak uylar buzilishga tushganligi sabab 150 ta xonadonlarda yashovchi 600 nafarga yaqin fuqarolarni taqdiriga aniqlik kiritishni so`ragan.

Murojaat yuzasidan hozirgi kunda Do`stlik tumani hokimligi tomonidan ushbu xonadonlarda yashovchi 40 ta oilaga uy-joy qurish uchun 3 sotixlik er maydonlari ajratildi. Tuman hokimligi homiyligida ishlab chiqilgan loyiha asosida aholi tomonidan uy-joylarga poydevorlar qo`yilib, devorlari ko`tarilmoqda. Qolgan 120 ta oilalarni uy-joy bilan ta`minlash uchun Do`stlik shahri, A.Navoiy mahallasi hududida 4 ta 4 qavatli binolarning qurilishi rejalashtirilib, hozirgi kunda ushbu ko`p qavatli uylarning poydevorlarini qurish ishlari boshlandi.

Bu kabi ijobiy hal etilgan masalalarni ko`plab keltirish mumkin. Ta`kidlash joizki, o`tkazilayotgan tadbirlar shunchaki hisobot uchun emas, aholining muammolarini aniqlash va ularni hal etishga qaratilgan. Eng muhimi, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 yanvardagi “Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo`yicha sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Qarori va shu yil 17 yanvardagi “Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident Farmoni ijrosi Do`stlik tumanida samarali amalga oshirilmoqda.

G`aybulla PARMANOV

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Jizzax viloyati Do`stlik tumani Xalq qabulxonasi mudiri.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1