1

Harbiy qismda o`tkazilgan to`satdan tekshiruv muvaffaqiyatli yakunlandi

Jamiyat 16.07.2019, 12:37
Harbiy qismda o`tkazilgan to`satdan tekshiruv muvaffaqiyatli yakunlandi

Avval xabar berganimizdek, Janubi-g`arbiy maxsus harbiy okrugning Buxoro garnizoniga qarashli harbiy qismda to`satdan tekshiruv mashg`ulotlari bo`lib o`tdi.

Odatiy rejalashtirilgan taktik mashg`ulotlar o`z yo`liga, biroq favqulodda olib borilgan o`quvlar jangovar tayyorgarlik holatini sinovdan o`tkazish va oshirishda yaxshi samara beradi. Buxoro garnizoniga qarashli harbiy qismda o`tkazilgan keng ko`lamli o`quv mashg`ulotlari ham ayni shu maqsadga qaratilgan. To`satdan tekshiruv esa, kutilmaganda soat 15-00 da berilgan “Trevoga” signali bilan boshlandi. Butun shaxsiy tarkib tezkor ravishda yuqori jangovar shaylik holatiga keltirildi, zudlik bilan binolarni qo`riqlash kuchaytirilgan tizimga o`tkazildi.

O`quvlardan ko`zlangan asosiy maqsad harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligini har tomonlama tekshirish. Har qanday kasb egasi bo`lishidan qat`iy nazar kerakli asbob-anjomlar va ish qurollarining bo`lishi faoliyat samaradorligini ta`minlaydi. Saf ko`rigi davomida esa harbiy xizmatchilarning libosi, hujjatlari, safar xaltasi, qurol aslaha va kerkakli anjomlari birma-bir ko`zdan kechirildi.

Mashg`ulotlarning ikkinchi kunida harbiy qism shaxsiy tarkibi hali quyosh ko`kka ko`tarilmagan tongi soat 4-00 da berilgan ko`rsatmaga muvofiq, harbiy qismga qarashli dala-o`quv maydoniga chiqish uchun harakatga keltirildi. Komandirlar tomonidan shaxsiy tarkibga texnika xavfsizligi qoidalari tushuntirilib, harakatlanish bo`yicha vazifalar yuklandi.

O`quvlarni real vaziyatlarga yaqin tarzda olib borishga harakat qilindi. Harbiy texnikalardan tarkib topgan kolonnaga qo`yilgan pistirma xavfi bartaraf etildi. 30 kilometr masofaga jangovar texnikalar va harbiy avtomashinalar tartibida marshni amalga oshirib, dala-o`quv maydoniga etib kelgan bo`linmalar belgilangan nuqtalarga joylashdi. Yuqori qo`mondonlik bilan tezkor aloqa punkti tashkil etildi.

Jangovar amaliyotlarda harbiy xizmatchining harkatlanishini cheklab qo`yadigan, xatto, umriga zomin bo`alidgan xavflardan biri ommaviy qirg`in qurollaridir. Dala-o`quv maydonida yurt posbonlari ayni shu xatarga qarshi maxsus kiyimlarni kiyish bo`yicha imtihon topshirishdi.

Jazirama tafti ufurib turgan maydonning boshqa erida bir kishilik muhandislik inshootini barpo etish bo`yicha sinovlar olindi. Havo harorati issiq va yumshoq tuproqli er bo`lganligi sabab harbiy xizmatchilarga okoplarni kovlash uchun 25-30 daqiqa vaqt oralig`i berilgan.

Otish tayyorgarligi Vatan qalqonlari uchun eng kerakli ko`nikmalardan biridir. O`quv mashg`ulotlarida harbiy xizmatchilar ham pistolet va AK-74 avtomatidan otish me`yorlarini bajarishdi. Shuningdek, tekshiruvlar davomida harbiy xizmatchilar jangovar tayyorgarlik fanlari bo`yicha test va harbiy topografiyadan nazorat sinovlarini topshirdi.

Xulosa o`rnida aytganda, o`tkazilgan keng ko`lamli o`quvlarda harbiy qismning jangovar tayyorgarligi har tomonlama sinab ko`rildi va yo`l qo`yilgan ba`zi kamchiliklarni tuzatish, yurt posbonlarining kasbiy ko`nikmalarini yana oshirish maqsadida zarur tavsiyalar berildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1