1

O`z ishiga sovuqqonlik bilan qaragan qoraqalpog`istonlik tibbiyot xodimlari vazifasidan ozod etildi

Jamiyat 16.07.2019, 17:52
O`z ishiga sovuqqonlik bilan qaragan qoraqalpog`istonlik tibbiyot xodimlari vazifasidan ozod etildi

So`nggi yillarda mamlakatimizda onalik va bolalikni muhofaza qilish, bu boradagi salomatlik ko`rsatkichlarini yanada yaxshilashda ijobiy natijalarga erishilmoqda. Sog`liqni saqlash vazirligi joylarda bu borada olib borilayotgan ishlarni muntazam monitoring qilib bormoqda. O`rganishlar natijasida ana shunday ijobiyo`zgarishlar barobarida ayrim xududlarda, jumladan, Qoraqalpog`iston Respublikasining ba`zi tumanlarida joriy yilning o`tgan olti oyi yakunlariga ko`ra, onalar o`limi ko`rsatkichi o`tgan yilning shu davriga nisbatan muayyan darajada ko`payganligi aniqlangan.

Yuzaga kelgan vaziyatni atroflicha o`rganish, mavjud muammolar echimini topish, tahlil qilish va mahalliy shifokorlarga homilador ayollarga ko`rsatilayotgan tibbiy yordamni yanada yaxshilash yuzasidan amaliy-uslubiy yordam berish maqsadida Sog`liqni saqlash vazirligi mas`ul xodimlari, Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining bir guruh olimlari va malakali mutaxassislaridan iborat ishchi guruhi ayni kunlarda Qoraqalpog`iston Respublikasida bo`lib turishibdi. Ular tomonidan onalar o`limi ko`payishi bilan bog`liq vaziyat sinchiklab o`rganilmoqda. Bu borada yo`l qo`yilgan kamchiliklar tahlil etilib, ularning oldini olish yuzasidan tibbiyot xodimlariga uslubiy yordam ko`rsatilib, zamonaviy tashxis va davolash usullarini amaliyotga qo`llash bo`yicha bilim ko`nikmalarini oshirishda ko`mak berishmoqda.

Shu bilan birga, faoliyati davomida kamchilikka yo`l qo`ygan, o`z vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragan tibbiyot xodimlariga nisbatan tegishli tartibda qonuniy choralar ko`rildi. Jumladan, Qoraqalpog`iston Respublikasi Perinatal markazi direktori A.Abidov, direktor o`rinbosari Z.Jumaniyazova va patologiya bo`limi boshlig`i M.Eshbaeva lavozimidan ozod etildi.Mazkur markazning reanimasiya bo`limi boshlig`i M.Nizamatdinov va 4-tug`ruq bo`limi boshlig`i S. Eshmanovaga jarima intizomiy jazo choralari qo`llanilgan. Ushbu markazning reanimasiya bo`limi shifokorlari G. Saribaeva va Z. Ablakimov, G.Tanirbergenovlar, shuningdek, navbatchi akusher-ginekologi L. Burangulova, patologiya bo`limi akusher-ginekologi D. Yangiboeva, 3-tug`ruq bo`limi akusher-ginekolog G. Ashirbekova hamda 1-tug`ruq bo`limi navbatchi doyasi A. Sarievalarga esa “xayfsan” intizomiy jazo choralari qo`llanilgan.

Bundan tashqari, Qoraqalpog`iston Respublikasi sog`liqni saqlash vaziri o`rinbosari D.Bekboeva, Nukus shahar tibbiyot birlashmasi boshlig`i J.Tarixov, Qo`ng`irot tuman tibbiyot birlashmasi boshlig`i B.Jumaniyazov va Chimboy tuman tibbiyot birlashmasi boshlig`i D.Embergenovlarga jarima jazo choralari qo`llanildi.

Ayni paytda poytaxtdan borgan mutaxassislar mahalliy shifokorlar bilan hamkorlikda onalar, bolalar, o`smirlar, fertil yoshdagi ayollar va aholining barcha qatlamiga ko`rsatilayotgan tibbiy yordamni yanada yaxshilash, tibbiy-profilaktika, perinatal va antenatal tibbiy yordamni zamon talablari darajasida tashkil etish bo`yicha ish olib bormoqda.

Aytish joizki, bugungi kunda Qoraqalpog`iston Respublikasida qariyb besh yuz ming nafar tug`ruq yoshidagi ayollar istiqomat qiladi. Ularga tibbiy-profilaktika va ixtisoslashgan tibbiy yordam ko`rsatish bo`yicha zamonaviy imkoniyatlar yaratilgan. Hududdagi 16 ta tug`ruq majmuasi va Respublika perinatal markazi zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. Tumanlardagi ko`p tarmoqli markaziy poliklinikalarda Ayollar maslahatxonasi bo`limi va Qizlar salomatligi markazi, perinatal skrining xonalari tashkil etilib, zamonaviy tibbiy diagnostika vositalari bilan jihozlangan.

Sog`liqni saqlash vazirligi bundan buyon ham davlatimiz tomonidan yaratib berilgan zamonaviy imkoniyatlardan samarali foydalanish, shifokorlarning bilim va malakasini muntazam oshirib borish, o`z vazifasiga o`ta mas`uliyat bilan yondashish kabi jihatlarga doimiy ravishda jiddiy e`tibor qaratib boradi. Eng muhimi, onalar o`limi ko`rsatkichlarini muttasil kamayib borishini ta`minlash yo`lida bor imkoniyatlarni safarbar etadi.

Sog`liqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1