Kecha, 16-may kuni Qozog‘istonning Turkiston shahrida sun’iy yog‘ingarchilikni oshirish loyihasini ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, Qozog‘iston Markaziy Osiyoda sun’iy yomg‘ir texnologiyalarini amaliyotda qo‘llashni boshlagan birinchi davlatga aylandi. Bu haqda Qozog‘iston sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu texnologiya yordamida yomg‘ir miqdorini tabiiy holatga nisbatan 10–20 foizgacha oshirish imkoni yaratiladi.
Loyiha doirasida maxsus atmosferaga ta’sir qiluvchi usullar qo‘llanilib, bulutlardan yomg‘ir hosil bo‘lish jarayoni faollashtiriladi. Rasmiylar bu tashabbus suv resurslari tanqisligini kamaytirish va qishloq xo‘jaligi uchun barqaror suv ta’minotini ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidlamoqda.
Tashabbus asosan suv omborlarini to‘ldirish hamda sug‘oriladigan erlarni suv bilan ta’minlashga qaratilgan. Shuningdek, loyiha 911 ming gektardan ortiq qishloq xo‘jaligi maydonlarida qurg‘oqchilik ta’sirini kamaytirishni maqsad qilgan.
Taxminlarga ko‘ra, ushbu loyiha qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirib, iqtisodiyotga yillik o‘rtacha 35 milliard tengegacha qo‘shimcha foyda keltirishi mumkin.






