AsosiyShou-biznes

Yulduzlar “MY5" haqida nima deydi

2014 yil 12 dekabr kuni bo`lib o`tgan VI Ijtimoiy media-mahsulotlar milliy festivali yakunida 2014 yilning 12 noyabrida texnik sinov efirini boshlagan “Mening Yurtim” - “MY5" telekanalining keyingi 90 kun davomida efirga uzatilishi rejalashtirilgan dasturlar jadvali loyihasi taqdimoti bo`lib o`tdi. Sinov efirining ikkinchi bosqichida “Ozod yurt to`lqinlari” MChJ muassislari qaroriga ko`ra, teletomoshabinlarning media-kontent haqidagi fikr-mulohazalari hamda takliflari o`rganilishi mo`jallangan bo`lib, ular asosida telekanal dasturlar jadvali shakllantirilishi ma`lum qilindi.

Taqdimotda ishtirok etgan xalqimizning sevimli san`atkorlari hamda o`zbek estradasi yulduzlari yangi telekanal haqida quyidagi fikrlarni bildirishdi.

Ozodbek Nazarbekov, O`zbekiston xalq artisti – Men shaxsan o`zim hamda barcha san`atkorlar nomidan “Mening yurtim” telekanali ijodkorlarini chin qalbimizdan tabriklaymiz. Sizlarga baland, bardavom parvozlar tilaymiz. Hamisha biz sizlar bilan birgamiz. 

Gulchehra Sa`dullaeva, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist – Telekanalning sinov efirlarini kuzatdim va juda xursand bo`ldim. Yangi nodavlat telekanalning ochilishi bilan barcha o`zbek xalqini, barcha muxlislarni tabriklayman. Bu kanal menga tomoshabin sifatida juda ma`qul keldi. Bekorga “Mennig yurtim” deb nomlanmagan. Mening yurtim zamirida bizning yurtchalik go`zal, jannatmakon maskan yo`q degan ma`no bo`lsa kerak. Kanal nomidagi beshga kelsak, hamma ishlar besh bo`ladigan degan ma`noni bildiradi. Va bu kanal etti yoshdan etmish yoshgacha muxlislarga ma`qul bo`ladi va umri uzoq bo`ladi degan umiddaman. Chunki men bir muxlis sifatida bu kanalga besh ketdik.

Lutfulla Sa`dullaev, O`zbekiston xalq artisti – “Mening yurtim” – men mana shu kanaldan umidim juda katta. Bu kanal uchun mening ham kelajakda o`z rejalarim bor. Chunki Prezidentimiz bekorga 2015 yilni “Keksalarni e`zozlash yili” deb e`lon qilmadilar. Men hali o`zimni qari deb hisoblamayman, qachonki saksonga kirsam, shunday deyishim mumkin. Shuning uchun men bu kanaldan ko`p narsa kutyapman. Va o`sha kutayotgan narsalarimning hammasi bo`ladi. Bu kanalning qariyb sakson foizini men taniyman, bilaman va ijodda uchrashganman. Shuning uchun ham bu kanal ijodklariga, rahbariyatdan tortib, to texnik xodimlargacha omad tilayman. Yuzlari yorug` bo`lsin. Mamlakatimizning 30 millionlik aholisining sevimli kanaliga aylansin.

Mahmud Namozov, O`zbekiston xalq artisti – Men bugungi kunda ommaviy axborot vositalariga davlatimiz tomonidan juda katta e`tibor qaratilayotganidan juda xursandman. Mana bir oy bo`libdiki, sinov efiri bo`layotgna bo`lsa ham, etti yoshdan etmish yoshgacha qatlamni egallab oldi deb o`ylayman. Mana shunaqa yaxshi bir kanal ochilganidan juda xursandman. Bu kanal bir oy davomida shunchalik ko`p muxlislarga ega bo`ldi va keyingi yillarda bundan ham ko`proq muxlis orttirishiga ishonaman. Yana bir mana shunday rang-barang, xalqimizning kayfiyatini ko`taradigan, ularga yoqadigan dasturlar tayyorlaydi deb ishonaman. 

Rayhon G`anieva, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist – Avvalo, sizlarni yangi telekanal ochilishi, yangi qadam bilan samimiy muborakbod etaman. Biz – barcha xonandalar to`g`risini aytish kerakki, intiqlik bilan kutdik, chunki mamlakatda yana bitta o`z san`atimizni ko`rsatish imkoniyatini beradigan kanalning paydo bo`lishi juda muhim. Telekanal tashkilotchilariga rahmat aytaman. Albatta, yuqori sifatli musiqiy mahsulotlar hamda dasturlarni ko`rishni istaymiz va men o`ylaymanki, kanal auditoriyasi borgan sayin ortib boraveradi.

Manzura, xonanda – Aytish kerakki, ushbu telekanalning ochilishini biz, xonandalar uzoq kutdik. Sinov efiri davomida efirga uzatilgan ijtimoiy roliklar, musiqiy chiqishlar juda yuqori saviyada edi.

    Boshqa yangiliklar