1

“Yosh kitobxon” tanlovi shaffof va adolatli o`tadi(mi)?

Jamiyat 25.07.2019, 09:24
“Yosh kitobxon” tanlovi shaffof va adolatli o`tadi(mi)?

Kun juda issiq. Yoz hech kimni ayamay o`z hukmini o`tkazmoqda. Lekin jaziramada ham jonsarak yurgan qorako`zlarni ko`rib darrov taniysan: ular “Yosh kitobxon” tanloviga qatnashayotganlar.

Hozirda tanlovning mahalliy bosqichlarida g`olib bo`lgan kitobxonlar yozgi ta`tilni kutubxonada o`tkazayotgan bo`lishi aniq. Chunki ro`yxatda belgilangan kitoblarni o`qish va uqish aql-idrok bilan birga anchagina vaqt ham talab etadi. Hududiy bosqichlarga esa juda oz fursat qoldi.

O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining Madaniyat, sa`nat, kitobxonlikni rivojlantirish va millatalaro totuvlik bo`limi bosh mutaxassisi Mansur Boysariev bilan “Yosh kitobxon” tanlovi, undagi jarayonlar va yangiliklar haqidasuhbatlashamiz.

  • Mansuraka, intiqlik bilan kutilayotgan “Yosh kitobxon” tanlovining hududiy bosqichlari qachon va qaysi viloyatdan boshlanadi?
  • Albatta, g`alvir suvdan ko`tariladigan kunlar yaqin. Chunki tanlovning hududiy bosqichlari avgust oyi davomida o`tkaziladi. Hududiy bosqichlarni Qoraqalpog`iston Respublikasi hamda Buxoro viloyati kitobxonlari boshlab beradi. Ular 5-7 avgust kunlari o`z bilimlarini sinovdan o`tkazishadi va Respublika bosqichida qatnashish imkonini qo`lga kiritadigan g`oliblar aniqlanadi.
  • Bilamizki, o`tgan 2018 yilda tanlov shov-shuvlar va qiziqishlar ostida o`tdi. Bunga sabab nima deb o`ylaysiz: g`olibga Prezident sovg`asi – “Spark” avtomashinasi berilishimi yoki kitobga tashnalik?..
  • To`g`ri, dastlab, mashina kitob o`qishga kuchli motivasiya bergan edi. Hozir esa jamiyatda o`z o`rnini topish, hurmatga sazovor bo`lish kitobdan boshlanishini yoshlar tushunyapti. O`ylab ko`ring, oddiy energetik ichimlik orqali ham mashina yutib olish mumkin. Lekin Respublikada tengsiz kitobxon sifatida e`tirof etilish bu umuman boshqa masala.
  • 2 yil davomida tanlovni tashkillashtirish jarayonida ko`plab qiyinchiliklar bo`lgani aniq. Chunki yangi ishning boshlanishi har doim qiyin kechadi. O`tgan kamchiliklardan xulosa chiqargan holda bu yil yosh kitobxonlarni qanday o`zgarishlar va yangiliklar kutmoqda?
  • Bildirilgan haqli e`tiroz va takliflar asosida Nizomga ayrim o`zgartirishlar kiritildi. Jumladan, saralash bosqichida 86 balldan yuqori to`plagan ishtirokchilar 15 nafardan ortiq bo`lsa, ular o`rtasida qayta test o`tkaziladigan bo`ldi. Tavsiya etilgan kitoblar soni kitobxonlarning xohish-istaklariga ko`ra o`zgardi (10-14 yosh toifasida 60 ta, 15-19 yosh toifasida 80 ta, 20-30 yosh toifasida 100 ta kitoblar). Eski nizom talabi bo`yicha hududiy bosqichlarda “Badiiy asarlar bilimdoni” shartida ishtirokchi asardan parchani topa olmasa, hech qanday ball berilmas edi. Yangi nizomda esa qatnashchi asarning nomini topa olmagan bo`lsa-da, lekin uning mazmun-mohiyati haqida ma`lumot berganligi uchun 50 ballgacha baholanishi belgilab qo`yildi. Respublika bosqichida bo`lib o`tadigan “She`riyat” shartida ham shu tartib saqlab qolindi.
  • O`tgan 2018 yili “Yosh kitobxon” tanlovi jarayonida ko`plab ziddiyatlar kelib chiqqani haqida ijtimoiy tarmoqlarda o`qigan edik? Bu yil shunday tushunmovchiliklarni bartaraf etish uchun qanday choralar ko`rilmoqda?
  • Ziddiyatli holatlar texnik xatolar tufayli bildirilgan, biroq ushbu e`tirozlar joyida bartaraf etilgan. Bu yil ham tanlov shaffof va adolatli o`tishi uchun telekanalar tomonidan to`liq yozib olinadi. Ishtirokchilar tanlov jarayonida xato va kamchiliklar yuzasidan appellyasiya tartibida Respublika ishchi guruhiga yozma tartibda murojaat qilishlari mumkin bo`ladi. Mahalliy va hududiy bosqichlar o`sha kunning o`zida, Respublika bosqichida esa murojaat belgilangan 10 kun muddat ichida ko`rib chiqiladi.
  • “Yosh kitobxon” tanlovining asosiy tashkilotchisi bo`lgan O`zbekiston yoshlar ittifoqiga tanlov yuzasidan ko`proq qanday murojaatlar, savollar bo`ladi. Fursatdan foydalanib, javobingizni ham aytib o`tishingiz mumkin?
  • To`g`risi, saralashbosqichidantoRespublikabosqichigachabo`lganvaqtoralig`idaishtirokchilarbizbilanharkunibog`lanadi. Birinchi masala, ro`yxatdagi kitoblarning ayrimlarini topa olmayotganligidan shikoyat qilishadi. Shuning uchun kitoblar joriy yilning fevral oyidayoqhududiy Kengashlarga elektron tarzda etkazildi. Bizda biror bir yoshning murojaat va takliflari e`tibordan chetda qolmaydi. Qo`shimcha ma`lumot uchun +998998584354 raqami 24 soat yosh kitobxonlar xizmatida.
  • Tanlovga katta umidlar bilan qatnashayotgan kitobsevar yoshlarga qanday tavsiyalar bera olasiz?
  • Eng birinchi tavsiyam, kitoblarni to`liq o`qib chiqing. O`qigan asarlaringizni do`stingiz va ustozlaringiz bilan muhokama qiling va xulosa chiqaring. Barchaga optimistik kayfiyat tilayman! Zero bugun o`qigan kitobingizdan olgan bilimingiz ertaga
    10 ta “Spark”dan qimmat bo`lishi mumkin.

Go`zal OXUNOVA suhbatlashdi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1