AsosiyJamiyat

​Nega dorixonalarda bitta dori turli narxda sotiladi?

'​Nega dorixonalarda bitta dori turli narxda sotiladi?'ning rasmi

Nega ayrim dorilar qimmat va bitta dori har xil joyda turli narxda sotiladi? Ushbu savollar ko`pchilikni qiziqtiradi. Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida bo`lib o`tgan matbuot anjumanida soha mutaxassislari bunga izoh berdi...

Muhabbat Ibrohimova, Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligi Axborot-tahlil bo`limi boshlig`i:

— Dori vositalari turli texnologiyalar, turli xomashyo, turli formula asosida ishlab chiqariladi va ular har xil tarkibga ega bo`ladi. Lekin muayyan bir dori tarkibi, molekulasi bir xil bo`lsa-da, narxi bir xil bo`lishi mumkin emas. Bu imkonsiz. Chunki O`zbekistonga kiradigan barcha dori vositalari uchun ustama narx bir xil — 15 foiz qilib belgilangan. Ya`ni dorining tannarxi ustiga shuncha foiz stavkasida narx qo`yish mumkin. Masalan, diklofenak dori vositasi bizda 35 ta firmada qayd etilgan. Mamlakatimizda bu dorining Germaniya, Eron, Afg`oniston, Xitoy, O`zbekistonda ishlab chiqarilganlari bor. Ularning hammasining tannarxi har xil. Shu tufayli va ularning mamlakatimiz hududiga kirayotganda ustiga 15 foizgacha narx qo`yilishi ta`sirida ham narxlar turlicha bo`lishi mumkin.

Ikkinchi sabab — dori vositalari bizda biznesga kirdi. Shundan kelib chiqib, dorilarning miqdoriga qarab marketing asosida narx belgilanadi. Ulgurji firma katta miqdorda dori olib kelsa, arzonga tushadi.

Uchinchi sabab — dorilarni transport vositari orqali tashib keltirish xarajatlari. Ma`lumki, ular har xil yo`llar orqali olib kelinadi.

To`rtinchi sabab — bizda dorixonalarda 20 foizgacha ustama narx qo`yish belgilangan. Kimdir katta tarmoqli dorixonani yuritayotgani uchun faqat 10 foiz qo`yishi mumkin, kimdir 20 foiz qo`yishi mumkin.

Yana boshqa sababi — ushbu me`yoriy stavkaga qaramay, ba`zi dorixonalar 20 foizdan ham oshiq narx qo`yadi. Ming afsuski, hozirda bunday holatlar bizda kuzatilmoqda. Mana shu omillar ta`sirida O`zbekistonda dorilar narxi farqlanishi mumkin.

Dori xarid qilmoqchi bo`lgan fuqaro eng avvalo, dorixona sotuvchisidan sotib olmoqchi bo`lgan mahsulotining muvofiqlik sertifikati va sifati nazoratini tekshirgandan keyin, agar narxning qimmatligini sezsa, tovar narxlari aks etgan “nakladnoy”ni talab qilishga xaqli. Bu bilan ular mahsulotning asl narxini bilish imkoniga ega bo`ladi. Lekin afsuski, iste`molchilarimiz bunday narsalar so`rashga andisha qilishadi.

Sardorbek Rahmonqulov tayyorladi

    Boshqa yangiliklar