Bugun Samarqandning Paxtachi tumanida Mahliyo O`roqovani tanimagan, unga havas qilmagan odamning o`zi yo`q. “Yosh kitobxon – 2018” tanlovi g`olibining mahallasiga har kuni onaxonlar-u otaxonlar kitob ko`targan farzandlarini, nabiralarini etaklab borishi tabiiy holga aylangan. Chunki Respublikada e`tirof etilgan kitobxon qizaloq o`z uyida “Yosh kitobxonlar” to`garagini ochdi. Bu to`garakda hozirda 10 ga yaqin yoshlar turli kitoblar ustida bahs olib boradi, munozaraga kirishadi. Bundan mahalla-ko`y ham xursand, bolalar ham. To`garak mashg`ulotlarini kuzatib o`tirgan Mahliyoning onasiAnora Kulbaeva esa beixtiyor ularga qo`shilib ketadi. Anora opaning aytishicha, kitobning sehri bolalarga ham yuqar ekan.
Ular bizgakitobxon bolani tarbiyalash sirlari haqidagi formulasini aytib berdi:
Tanlovdan keyin...
- Qizim Mahliyo «Yosh kitobxon» tanlovida g`olib bo`lgandan keyin mahallamizda kitob o`qiydiganlar ko`paydi. Qo`shni qizlar bir-birini chaqirib kutubxonaga boradigan bo`ldi. Mahliyo uyimizda “Yosh kitobxonlar” to`garagini ochgandan so`ng hatto yarim kechagacha“Sariq devni minib”, “Tom Soyerning sarguzashtlari” ustida tortishuvlar qilishni boshlashdi. Shu tanlovdan keyin uyimizga, mahallamizga fayz kirdimi, deb o`ylab qolaman. Chunki bu mahallada hamma kitob haqida gaplashadigan, kitob almashinib o`qiydigan kitobxon buvijon-u, kitobxon nabiraga aylandi.
Daladan bir qo`ra qo`yni haydab qaytayotgan bolaning kipriklari kabi kitoblariga ham chang qo`nganini ko`rsam, g`alatiii bo`lib ketaman.“Bolajonim, o`qiyver, tinmasdan o`qiyver, hali hamma havas qiladigan “kaaatta” odam bo`lasan”, degim keladi!!!
Chunki o`zim ham yoshligimda ko`p kitoblar o`qiganman. O`qituvchi bo`lishni xohlaganimdan bir sinf bolalar tushlarimgacha kirib chiqardi. Lekin sharoitimiz ziyoli bo`lishimizga yo`l qo`ymadi. Bugun bir sinf bo`lmasa-da, bir etak farzandlarim bor.Ularga ustozman!!!
Jur`at+dadillik+jazm = g`alaba
Hayot darsida uqqanlarimni, gohi achchiq, gohi shirin saboqlarimni erinmay o`rgataman. Farzandlarimga otasining va o`zimning eng yaxshi fazilatlarimizni yuqtirishga urinaman. Tortinchoqlik va uyatchanglikni umuman yoqtirmayman. Bu xislatlar bolalikdagi orzularimni qurbon qilgan. Shuning uchun bolalarimga jur`at, dadillik, jazm etish g`alabaga olib boruvchi yo`lning yarmini bosib o`tish deb uqtiraman. Farzandlarimda bu fazilatlarni xudoga shukrki, ko`ryapman.
Formulamiz noto`g`ri chiqmadi!
Bilasizmi, farzandni tinglay olish kerak. Bu gapimda hikmat ko`p. Chunki uning o`zi sizga ko`p narsadan: bugunidan, ertasidan, qalbidan, ruhiyatidan so`zlab beradi.O`zini prezentasiya qiladi. U o`z qiziqishlari bilan egallamoqchi bo`lgan kasbiga ishora beradi. Rang-barang savollaridan sho`x, shaddod xarakterli yoki og`ir-bosiq, vazminlikka moyilligini ko`rsatadi. Shu jihatlarni hisobga olgan holda ota-ona “tarbiya formulasi”ni ishlab chiqishi kerak.
Bizning formulamiz, hayriyatki, noto`g`ri chiqmadi. O`quv yili yakunlanmasdan oldin darsliklarini, adabiyot kitoblarini o`qib tugatgan Mahliyoga ba`zida kitob olib berish uchun pul topolmay qolardik.
Paxta dalasida...
Bir yili mavsum davomida paxta terimiga chiqdim.Mahliyo menga yordamchi edi. Chanqab qolsam, ariqdagi muzdek suvga qo`yilgan sovuq choyni olib kelib, qo`limga tutardi-da, daraxt soyasida qolgan kitobini o`qishni davom ettirardi. O`shanda mening chanqog`im bosilardiyu, lekin qizimning chanqog`i bosilmasdi. Chunki bu chanqoqlikni qondirib bo`lmas edi. U ilmga tashna edi.
Men alamimni paxtadan olardim. U esa mutolaadan boshini ko`tarmasdi. Men 3-4 egatni ozod qilib bo`ldimki, u kitobga asir edi. Men dalada tentirardim. U asar qahramonlari bilan dunyoning eng chiroyli joylarida malika bo`lib sayr qilardi. Va nihoyat, “Pinokioning boshidan kechirganlari” ham tugadi. Mening malikam esa bisotidagi barcha kitoblarni o`qib bo`lgan edi. Qishki kiyim olish uchun to`plagan terim pullarimni oldim-da, hammasiga qizimga 20 dan ortiq kitoblarni olib kelib berdim. Shunda ancha engil tortdim. Doim shunday bo`ladi. Ularga kitoblar olib bergan kunim o`zimni baxtiyor his qilaman.






