AsosiyJamiyat

Osoyishtalik uchun barchamiz mas`ulmiz

'Osoyishtalik uchun barchamiz mas`ulmiz'ning rasmi

Mamlakatimizda barcha sohalar singari, ichki ishlar organlari tizimini ham takomillashtirish, ularning quyi bo`g`inlarini aholiga yanada yaqinlashtirgan holda mustahkamlash, “Jinoyat haqiqati va adolati”, “Qonun va adolat – ustuvor, jinoyatga jazo – muqarrar” degan tamoyillarni qaror toptirish ko`p jihatdan, soha xodimlarining bilim va ko`nikmalarini oshirishga bog`liq hisoblanadi.

Ushbu ustuvor vazifalardan kelib chiqib, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 avgustdagi “Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori ijrosini ta`minlash maqsadida Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilari tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Ta`kidlash joizki, o`tgan davr mobaynida Institut va uning joylardagi filiallarida o`tkazilgan o`quv yig`inlarida qariyb 11 mingdan ortiq soha xodimlari qatnashib, o`z malakasini oshirdi.

Ayni paytda, joriy yil 23 iyulidan boshlab 15 avgust kuniga qadar Institut professor-o`qituvchilari Qoraqalpog`iston Respublikasi, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarida tumanlar va shaharlar ichki ishlar organlarining tashkiliy bo`lim (bo`linma)lari boshliqlari, jinoyat qidiruv bo`linmalari tezkor vakillari, xavfsiz turizmni ta`minlash bo`linmalarining tahlil, hamkorlik qilish va muvofiqlashtirish bo`yicha xodimlari, tergovchi va surishtiruvchilari uchun malaka oshirish sayyor o`quv yig`inlari o`tkazilmoqda.

O`quv yig`inlarida Davlatimiz Rahbari tomonidan ichki ishlar organlari faoliyatiga oid ilgari surilgan dolzarb vazifalarga, ularning mazmun-mohiyati va ahamiyatiga, sohaga oid qabul qilingan yangi normativ-huquqiy hujjatlarning talablari bilan tanishtirishga va ular asosida xizmat faoliyati samaradorligini oshirishga alohida e`tibor qaratilmoqda.

Shuningdek, mashg`ulotlar mobaynida “Korrupsiyaga qarshi kurashish to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi qonunining mazmun-mohiyati, unga qarshi kurashishda soha xodimlarining vazifalari, korrupsiyaga oid jinoyatlarni tergov qilishning o`ziga xos xususiyatlari kabi mavzular bo`yicha ham tushuntirishlar berilmoqda.

Sayyor o`quv yig`inlarini Institut boshlig`i, yuridik fanlar doktori, professor Nuriddin Normatov ochib, ichki ishlar organlarini xalqparvar tizimga aylantirish, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ijtimoiy va ma`naviy-ma`rifiy sohalarda yoshlar bilan ishlash bo`yicha yangi tizimni joriy etish borasida soha xodimlari oldida turgan dolzarb vazifalarga e`tiborni qaratdi.

– Mamlakatimizda barcha sohalar singari, ichki ishlar organlari faoliyatini ham takomillashtirish, ularning quyi bo`g`inlarini aholiga yanada yaqinlashtirgan holda mustahkamlash, “Jinoyat haqiqati va adolati”, “Qonun va adolat – ustuvor, jinoyatga jazo – muqarrar” degan tamoyillarni qaror toptirish ko`p jihatdan, soha xodimlarining bilim va ko`nikmalarini oshirishga bog`liq, – deydi Surxondaryo viloyati IIB Xavfsiz turizmni ta`minlash boshqarmasi bosh inspektori, mayor Shuhrat Irnazarov. – Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilari tomonidan o`tkazilayotgan besh kunlik sayyor o`quv yig`inlarida biz sohaga oid qabul qilingan yangi normativ-huquqiy hujjatlar bilan tanishyapmiz. Bundan tashqari, xizmat faoliyatini samarali tashkil qilish fuqarolarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo`yicha tegishli tavsiyalar berilmoqda.

Bundan tashqari, joylarda o`tkazilgan ushbu tadbirlar doirasida Institut professor-o`qituvchilari tomonidan hududiy ichki ishlar organlari, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlarni faoliyatini muvofiqlashtirish bo`yicha kengashlar bilan hamkorlikda mahallalarda aholi, eng avvalo yoshlar o`rtasida “Osoyishtalik uchun barchamiz mas`ulmiz” mavzusida targ`ibot ishlari olib borildi.

Shu paytga qadar Termiz shahridagi “Jayxun”, “Alpomish”, “Bo`ston”, “Yulduz”, “Katta bog`”, “Eski shahar”, Nukus tumanidagi “Oqmag`it”, Taxiatoshdagi “Markaziy”, “Xalqlar do`stligi”, Jarqo`rg`ondagi “Istiqlol”, “Neftchilar”, “Madaniyat”, “Ma`rifat” mahallalarida o`tkazilgan mazkur ma`naviy-ma`rifiy tadbirlarda mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalikning qadriga etish, uning barqarorligiga hissa qo`shish, mahallalarda sodir etilgan huquqbuzarliklarning oqibatlari bilan kurashish emas, balki ularni barvaqt oldini olish, sodir etishga imkon bergan sabab va shart-sharoitlarni o`z vaqtida bartaraf etishda jamoatchilikning roli kabi mavzular haqida so`z yuritildi.

– Tinchlik - bu bebaho ne`mat, mahallamizda osoyishtalikni ta`minlashga nafaqat profilaktika inspektori, balki barchamiz birdek mas`ulmiz, – deydi Qoraqalpog`iston Respublikasi Taxiatosh tumani “Markaziy” mahallasi raisi Gulchehra Jumaniyazova. – Poytaxtimizdan kelgan Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilari tomonidan o`tkazilgan ushbu tadbirda tinchlikning qadriga etish, uning barqarorligini ta`minlash uchun mahallada istiqomat qilayotgan har bir fuqaro o`z hissasini qo`shishi lozimligi, hamjihatlikda amalga oshirish kerak bo`lgan chora-tadbirlar, yoshlar ta`lim-tarbiyasi haqida o`zlarining fikr-mulohazalarini hamda tavsiyalarini berishdi. Mahallamiz aholisi nomidan ularga kattadan-katta rahmatlar aytaman.

Shuningdek, Institut professor-o`qituvchilari tomonidan mahallalarda istiqomat qilayotgan kam ta`minlangan oilalar, nogironlar va yakka yolg`iz keksa avlod vakillari hamda ichki ishlar organlari tizimida uzoq yillar mobaynida samarali mehnat qilgan va bugungi kunda nafaqada bo`lgan faxriylarning holidan xabar olish ham amalga oshirildi.

– Hovli ishlari bilan ovora bo`lib yurganimda bir guruh ichki ishlar organlari xodimlari sovg`a-salomlar bilan hovlimizga kirib keldi,
– deydi Termiz shahar “Eski shahar” mahallasida yashovchi Guliston Shamatova. – Maqsadlarini ayon qilgan ichki ishlar organlari xodimlari
16 yoshli Boburjon va 12 yoshli Zokirjonning taqdiri bilan qiziqib ketishdi. Bu ikki yoshning onasi 10 yil ilgari bedarak yo`qolgan, 2-guruh nogironi bo`lgan otasi esa 4 oy oldin vafot etdi. Shundan buyon men ularga qarayman. Bir kuni Zokirjon “Kennoyi demay, oyijon ko`chaga chiqib o`ynab kelsam, maylimi?”, deya so`rab qoldi. Qay ahvolga tushganimni ko`z oldingizga keltiring, o`zimni bir nafar o`g`lim va bir nafar qizim bor edi. Endi ular to`rt kishi bo`ldilar. Boburjon va Zokirjonni ham vasiylikka olish uchun hujjatlarni to`plab tuman hokimligiga topshirdim. O`zim o`qituvchi bo`lib ishlayman.

Bugun oilamiz holidan xabar olish uchun xonadonimga ichki ishlar organlari xodimlarining kelganliklaridan ko`zimga yosh keldi. Bizning yurtda bolaning begonasi yo`qligiga yana bir bor ishonch hosil qildim. Suhbat jarayonida ular bolalarning maktab formasi, o`quv qurollari kabi masalalar bo`yicha fikrlarimizni eshitib mushkullarimizni oson qiladigan bo`ldilar. Buning uchun Ichki ishlar vazirligi rahbariyatiga, Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilariga o`z minnatdorchiligimni bildiraman.

– Otam ichki ishlar organlari sohasida faoliyat ko`rsatgan va xizmat vazifasini bajarish vaqtida vafot etgan. O`sha paytda men 9 yoshda edim, otamning yurt tinchligini himoya qilish sohasida xizmat qilganligidan faxrlanar edim. – deydi Qoraqalpog`iston Respublikasi Taxiatosh tumani “Markaziy” mahallasida istiqomat qiluvchi Moldir Abdrimova. – Bu yil men umumta`lim maktabini tugatdim va kelajakda oliy ma`lumotli mutaxassis bo`lib, xalqimga xizmat qilishni maqsad qilib oldim. Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilarining xonadonimizga tashrif buyurganliklaridan benihoya xursand bo`ldim.

Shuningdek, ichki ishlar organlari tizimida uzoq yillar mobaynida samarali mehnat qilgan va bugungi kunda nafaqada bo`lgan faxriylar
– Jarqo`rg`on tumani “Madaniyat” mahallasida yashovchi 81 yoshli Oysha momo Normatova, Nukus shahrida istiqomat qiluvchi 2-jahon urushi qatnashchisi, 94 yoshli Nurilla ota Abdullaevlarning ham xolidan xabar olindi.

Institut professor-o`qituvchilari tomonidan joylarda sayyor o`quv yig`inlari, mahallalarda targ`ibot tadbirlari hamda kam ta`minlangan oilalar, nogironlar va yakka yolg`iz keksa avlod vakillarining holidan xabar olish kabi ezgu ishlar joylarda davom etmoqda.

O`zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti matbuot xizmati

    Boshqa yangiliklar