Sog`lom turmush tarzining qaror topishi, jumladan, faol jismoniy harakatda bo`lish, to`g`ri ovqatlanish hamda zararli odatlardan voz kechish inson salomatligini asrashda muhim o`rin tutadi. Shu bois ham, Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan muntazam ravishda sog`lom turmush tarziga rioya etish borasidagi ommaviy tadbirlar o`tkazib kelinmoqda. Shunday tadbirlarning navbatdagisi joriy yilning 27 iyul kuni “Sog`lom oila – sog`lom jamiyat” shiori ostida mamlakatimiz bo`ylab har bir oilaviy poliklinika o`z hududidagi mahalla fuqarolik yig`inlaridaga guzar, ta`lim muassasasi stadionlaridan foydalangan holda oilalar ishtirokida o`tkazildi.
Jumladan, poytaxtimizning Mirzo Ulug`bek tumanida joylashgan“Central park”bog`idaham oilalar o`rtasida ommaviy gimnastika va 5 kilometrga faol yurish mashqlari bilan bir qatorda, oilaviy musobaqalar ham uyushtirildi. Qayd etish joizki, dunyo miqyosida qon bosimining oshishi ko`proq yoshlarda uchrayotgani, odamlar yurak-tomir, nafas olish organlari,diabet, saraton kasalliklari bilan ko`proq og`rimoqda. Ushbu yuqumli bo`lmagan xastaliklar kelib chiqishining eng asosiy omillaridan biri sog`lom turmush tarziga amal qilmaslikdir.
Yuqumli bo`lmagan kasalliklar butun dunyoda o`lim holatlarining asosiy sababchisi hisoblanadi. Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining ma`lumotlariga ko`ra, 2016 yilda dunyo bo`yicha 40 million o`lim holati yuqumli bo`lmagan kasalliklar tufayli yuz bergan bo`lib, bu barcha o`limning 70 foizini tashkil etadi. O`lim holatlarining anchagina qismi (dunyo bo`yicha barcha o`limning 27 foizi, yuqumli bo`lmagan kasalliklarning esa 38 foizi) barvaqt, ya`ni 30 yoshdan 70 yoshgacha ro`y bergan. Achinarlisi,kelgusida dunyoda bu kasalliklardan vafot etganlar sonining yanada ko`payishi kutilmoqda. Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining ma`lumotlariga ko`ra, sog`lom turmush tarzi rioya etilsa, 80 foiz yurak- qon tomir, qandli diabetning 2 turi va 40 foiz o`sma kasalliklarining oldini olish mumkin ekan.
Xo`sh, nima uchun odamlar yoshligidan yuqumli bo`lmagan kasalliklarga chalinmoqda? Sababi texnologiyalarning rivojlanishi, turmush tarzining o`zgarishi bilan odamlarning harakatlanishi va jismoniy mehnat bilan shug`ullanishi kamaydi, chekadigan va spirtli ichimlik ichadigan insonlar ko`paydi, tarkibida yog`, qand va tuz miqdori yuqori bo`lgan nosog`lom oziq-ovqat mahsulotlari iste`moli ko`paydi. Shuningdek, aholining ovqatlanish odatlari o`zgardi, jumladan, sabzavot va mevalarni etarli iste`mol qilmaslik, tuzni me`yordan ortiq iste`mol qilish holatlari ham ko`paydi. Bu esa o`z navbatida, turmush tarzining o`zgarishi, tana vaznining ortishi, semizlik, qonda xolesterin miqdorining oshishi va oqibatda, yuqumli bo`lmagan kasalliklarning rivojlanishiga sabab bo`lmoqda.
Globallashuv sharoitida yuqoridagi holatlardunyo davlatlari qatoriyurtimiz uchun ham xos bo`lib bormoqda.Shu boisushbu vaziyatga davlatimiz tomonidan jiddiy yondashilmoqda.Prezidentimizning 2018 yil 18 dekabrdagi “Yuqumli bo`lmagan kasalliklarning profilaktikasini, sog`lom turmush tarzini qo`llab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaroriyuqumli bo`lmagan kasalliklarning oldini olishga, jamiyatda sog`lom turmush tarzini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etayotir.
Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan tashkil etilib, odamlar qiziqishiga sabab bo`layotgan ommaviy salomatlik tadbirlari ham faol jismoniy harakatla chorlab, sog`lom hayot tarzini targ`ib etishda muhim ahamiyat kasb etayapti.
Sog`liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi






