Xalqaro armiya o`yinlarining “Harbiy-tibbiy estafeta” tanlovida ishtirok etish uchun navbatdagi harbiy delegasiyalar “Forish” poligoniga kelib joylashdi.
26 iyul kechasi Myanma davlatidan kelgan mehmonlar kutib olingan bo`lsa, 27 iyul erta tongida Rossiya, Armaniston va Angola davlatlarining harbiy delegasiyalari belgilangan manzilga etib keldi.
Myanma davlatidan 17 nafar, Rossiya Federasiyasidan 31 nafar, Armanistondan 18 nafar hamda Angoladan 9 nafar mehmon dastlab tibbiy ko`rikdan o`tkazilib, shundan so`ng poligonda yaratilgan sharoitlar bilan tanishib chiqdi.
Musobaqa oldidan mehmonlar uchun Samarqand shahrida joylashgan diqqatga sazovor qadamjolar bo`ylab ekskursiya o`tkazilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o`tamiz, kecha, 26 iyul kuni Vetnam harbiy delegasiyasi tanlovda ishtirok etish uchun birinchi bo`lib etib kelgandi.
Shuningdek, bugun Ozarbayjonlik harbiylarning ham “Forish”ga etib kelishi kutilmoqda.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti






