"Mehr va Oqibat" NNT O`zbekiston musulmonlari idorasi bilan insonlarda er yuzidagi barcha jonzotlarga mehr-muruvvat va rahm-shafqatni tarbiyalashga qaratilgan hamkorlikni yo`lga qo`ydi. Hamkorlikka ko`ra, O`zbekistondagi masjidlarda imomlar tomonidan hayvonlarga nisbatan rahm-shafqat, insoniy munosabatda bo`lish haqida xutbalar o`qilmoqda. Diniy soha mas`ullari bilan suhbatlar uyushtirmoqda. Quyida O`zbekiston musulmonlari idorasi raisi o`rinbosari Ibrohim Inomov bilan o`tkazilgan suhbatni havola etamiz.
— Hayvonlar ishtirokidagi janglar haqida Islomda nima deyilgan?
— Dinimizda turli hayvonlarni urishtirish, bu o`yinlarga pul tikib qimor tashkil qilish va hatto tomosha qilish – taqiqlangan, harom ishdir. Bu haqda Ibn Abbos (r.a.) shunday deydilar: “Rasululloh (s.a.v.) hayvonlarni urishtirishdan qaytardilar” (Imom Termiziy rivoyati).
Bu hadisi sharifning sharhida muhaqqiq olim Mullo Aliyyul Qori shunday deydilar: “Payg`ambarimiz (s.a.v.) hayvonlar bir-birini shoxlashi, tishlashi, bosib-yanchishi yoki o`ldirishi uchun ularni gij-gijlash (urishtirish)dan qaytardilar. “Nihoya” kitobida hadisdagi “taxrish” – hayvonlarni bir-biriga gij-gijlash, deyiladi. Tuya, qo`chqor, xo`roz, fil va buqalarni bir-biriga gij-gijlab urishtiradilar. Buqa va sherni ham gij-gijlashadi. Hayvonlarni bir-biri bilan urishtirish mumkin emas ekan, odamlarni bir-biri bilan urishtirish undan ham yomonroqdir. Odam urishtirish ayrim shaharlarda ko`p uchraydi. Bu hadisni Imom Termiziy va Imom Abu Dovud rivoyat qilgan” (“Mirqotul mafatih” kitobi).
Dinimizda hayvonlarga ham sababsiz ozor, aziyat va azob berish mumkin emas. Payg`ambarimiz (s.a.v.) yuz qismiga tamg`a urilgan eshakni ko`rib: “Bunga tamg`a urganni Alloh la`natlasin!” – dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Yana hayvonlarni “musla” qilish (tirik hayvonlarni a`zolarini kesib yaralash)dan ham qaytarilganmiz. Demak, hayvonlarga ozor berish, azoblash va ularga shafqat ko`rsatmaslik shariatimizda og`ir jinoyat hisoblanadi. Hayvonlarni qamab qo`yib, ochlikdan o`ldirish haromdir. Hadisi sharifda bir mushukni qamab qo`yib qiynagan odamning oxiratda azoblanishi haqida xabar berildi (Imom Buxoriy rivoyati).
— Hayvonlarga qanday munosabatda bo`lmoqlik lozim?
— Dinimizdagi hayvonlarga bog`liq yana bir asl qoida – ularga rahm-shafqat ko`rsatishdir! Chanqagan itga shafqat ko`rsatib, quduqdan suv olib chiqib bergan ayolning gunohlarini Alloh taolo kechirgani rivoyat qilingan (Imom Buxoriy rivoyati). Sahobiylar safarda chumchuqqa o`xshagan qushning polaponlarini olib qo`yishganda, Payg`ambarimiz (s.a.v.) polaponlarni o`z joyiga qaytarib qo`yishni buyurdilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Hayvonlarga rahm-shafqatning bundan ham oliy darajasi – hatto go`shti uchun so`yilayotgan hayvonni ham qiynamaslikdir. Hadisi shariflarda so`yilayotgan hayvonni qo`pol ravishda sudramaslik, pichoqni hayvonni oldida qayramaslik, pichoqni o`tkir qilish va boshqa hayvonlar oldida so`ymaslik buyuriladi. Qo`yni yiqitib qo`yib, pichog`ini qayrayotgan bir kishiga Payg`ambarimiz (s.a.v.): “Uni bir necha marta o`ldirmoqchimisan?!” – deb tanbeh berdilar (Imom Hokim rivoyati). Fatvo kitoblarda agar zarar etkazmasa, hasharotlarni ham behuda o`ldirish mumkin emasligi zikr qilingan.
Hayvonlarga mana shunday mehr-shafqat bilan muomala qilishga buyurgan shariatimiz, ularni urishtirib qiynash va azoblash, tomoshabin bo`lish va bu ishga pul tikib, qimor o`ynashdan qattiq qaytargan.
Ma`lumotnoma
8 yil mobaynida "Mehr va Oqibat" NNT a`zolari jamiyatning asosiy dasturlarini amalga oshirib kelmoqdalar, ya`ni maktablarda va poytaxtning boshqa ta`lim muassasalarida, Toshkent viloyati va boshqa viloyatlarda, mahallalarda "hayvonlarni himoya qilish bo`yicha" suhbatlar o`tkazib uy jonivorlari va qarovsiz hayvonlarga insoniy munosabat bildirish, hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo`lgan shaxslar yuzasidan huquq-tartibot idoralariga murojaat qilish lozimligi bo`yicha turli tadbirlar o`tkazib kelmoqdalar.






