Avvalroq Qashqadaryo viloyati Yakkabog` tumanida hokim o`rinbosari tadbirkor tomonidan yoqib yuborilgani haqida xabar berilgandi. Dastlab Bosh prokuratura matbuot xizmati mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tadbirkorga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgani hamda tegishli prosessual tartibda ushlanganini ma`lum qildi.
Ammo ushbu holat katta muhokamalarga sabab bo`ldi. “Daryo” internet-nashrining yozishicha, Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro`ziev yakkabog`lik tadbirkor Bahriddin Isomov va tuman hokimi o`rinbosari Mansur To`ymaev o`rtasidagi mojaroni echish uchun bugun, 27 iyul kuni Yakkabog` tumanida borgan. Hokim tadbirkorning turmush o`rtog`i Nodira Haydarova hamda farzandi Sharofiddin Daminov bilan alohida tartibda muloqot o`tkazgan. Natijaga ko`ra, tadbirkorning do`koni buzilmaydigan bo`lgan. Etkazilgan moddiy zarar esa sud orqali undiriladi.
Xabar qilinishicha, Yakkabog`da bir emas, bir necha do`konlar buzilgan, ammo buzilgan do`konlar uchun kompensasiya puli to`lanmagan. Viloyat hokimi do`koni buzilgan tadbirkorlar bilan ham muloqotda bo`lib, kompensasiya puli hisoblanib, to`lab berilishini nazoratga olishini bildirgan.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi ma`lum qilishicha, yoqib yuborilgan Yakkabog` tumani hokimi o`rinbosari Mansur Tuymaevning tadbirkor Bahriddin Isomovga tegishli ikki qavatli savdo va maishiy xizmat uyini noqonuniy ravishda buzishga bo`lgan xatti-harakati o`rnatilgan tartibda o`rganib chiqildi.
O`rganish xulosalariga ko`ra, tuman hokimi Donaev Shohmurod Xolboevich hamda prokurori Jamshid Xalilov egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
“Tuman hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikasiyalar va kommunal xo`jalik masalalari bo`yicha o`rinbosari Mansur Tuymaev esa o`z vakolatiga kirmaydigan xatti-harakatlarni amalga oshirgani sababli unga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli bandlari asosida jinoyat ishi qo`zg`atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda", deyiladi Prezident Administrasiyasi xabarida.
Foto manbasi: "Daryo"






