Adliya vaziri Ruslanbek Davletov boshchiligida bo`lib o`tgan majlis adliya organlari va muassasalari tomonidan qonun ijodkorligi va huquqni qo`llash sohasida 2019 yilning I yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar, davlatimiz rahbari tomonidan adliya organlari faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida qabul qilingan qator farmon va qarorlarining hisobot davridagi ijrosi, vazirlik zimmasiga yuklatilgan vazifalarning amalda ta`minlanayotganlik darajasini o`rganishga qaratildi.
Videokonferensaloqa shaklida o`tkazilgan tadbirda adliya organlari va muassasalarining barcha darajadagi rahbar va mas`ul xodimlari ishtirok etdi.
Majlisda Adliya vaziri Ruslanbek Davletov bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan bo`lgan joylarda uy-joylar buzilishlariga e`tiborni qaratdi. Bu masalani har bir adliya organi xodimi alohida ustuvor vazifa sifatida o`ziga belgilab olishi zarurligi ta`kidlandi.
Adliya vazirining so`zlariga ko`ra, Adliya tizimi bu muammoni ko`lami bugungi kundagidey bo`lishidan 3 oy oldin o`z tahlillarini va choralarini boshlagan edi. Xususan, 2019 yilning may-iyun oylarida ko`chmas mulk huquqini himoya qilish bo`yicha aksiyasi o`tkazildi. Aksiya doirasida murojaatlarni ko`rib chiqishda 874 ta qonunbuzilish holatlari aniqlandi.
Natijada mulkdorlarning manfaatlarida 236 ta taqdimnoma, 100 ta ogohnoma, sudlarga 360 ta da`vo arizalar kiritilib, 30,3 mlrd so`m undirib berildi. Bu natijalar albatta xamir uchidan patir yoki dengizdan bir tomchidek gap.
Majlisda butun tizimdagi xodimlar mazkur masalaga jiddiy yondashish, bu boradagi qonunbuzilishlarga qarshi chora ko`rish, Davlat rahbarining qonun ustuvorligini ta`minlash yuzasidan berilgan topshirig`ini amalga oshirish har bir adliya organining eng asosiy vazifasi ekanligi tushuntirildi.
Shuningdek, Ruslanbek Davletov “Mulk dahlsizligini ta`minlamasdan iqtisodiy rivojlangan davlatning o`zi yo`q butun dunyoda. Bu esa bizning qonunlarimizda bitilgan eng oliy normalardar biridir va barcha munosabatlar to`laligicha tartibga solingan. Lekin amalda, ushbu tartib va qoidalar mutasaddilarning esidan chiqib ketdi. Natijada, uy-joy masalasida qonun ustuvorligiga jiddiy putur etdi.
Bu nima degan gap? Odamlarni uyini buzib, ko`chaga chiqarib qo`yib kompensasiya to`lanmaslik, axir bu vaxshiylikku. Bu hech qanday qonunchilikka to`g`ri kelmaydi, bu hech bir odamiylik tamoyiliga ham to`g`ri kelmaydi, bu O`zbekiston tan olgan xalqaro hujjatlarga ham to`g`ri kelmaydi!” deya o`z fikrlarini bildirdi. Hamda amaldagi xolatlar bo`yicha so`zini quyidagicha davom ettirdi:
“Hamma shaharlar yangidan quriladi, eskisi buziladi, obodonlashadi, bu tabiiy jarayon, barcha jamiyatlarga xos bo`lgan holat. Lekin, XXI asrda yashayotgan sivilizasion jamiyat sifatida barcha harakatlar uchun QONUN eng asosiy mezon bo`lishi kerak, odamlar huquqlarini poymol qilish evaziga, qonunni buzish evaziga hech qanday qurilish yoki obodonlashtirish bo`lishi mumkin emas.
Shuning uchun, biz – adliya xodimlarining birinchi darajadagi vazifasi bu boradagi qonunbuzilishlarning oldini olishdir.
Uy-buzilishi qanday og`ir masala ekanligini, har bir xodim o`zini yuragidan o`tkazishi kerak, ya`ni oddiygina o`zlaringni shu insonlarni, ularning farzandlarini o`rniga qo`yib ko`ringlar, boshqa hech narsa kerak emas.
Keyin yana bitta jihatni e`tiborga olinglar, gap faqat moddiy boylik bo`lmish imoratda emas, uy-joy bilan insonlarning shu uy bilan bog`liq xotiralari ham o`chiriladi. Tug`ilib o`sgan joy, yoshlikda o`ynab kulib yurgan hovli, bolalikdagi xotiralar, kerak bo`lsa har bir xonadonning hidi inson uchun qadrli, ko`p uylar avloddan avlodga o`tib kelyapti, bu yuksak shaxsiy nomoddiy boylik va inson hayotidagi ajralmas xotiralardir”
Amaliyotdagi muammolardan, bildirilgan fikr mulohazalardan kelib chiqib Adliya vaziri adliya organlari xodimlari oldida turgan muhim vazifalar alohida to`xtalib, quyidagilarni bildirdi:
– barcha mahalliy hokimliklarni fuqarolarni uy-joy bilan bog`liq qonuniy huquqlarini poymol etishlarga chek qo`yishlarini talab qilamiz;
– butun adliya tizimi rahbarlari, mutasaddilari va xodimlarini o`z vakolatlaridan to`liq foydalangan holda, uy-joylar buzilishi jarayonida O`zbekiston qonunlariga amal qilish yuzasidan choralar ko`rishlariga chaqiraman.
Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi






