AsosiyJamiyat

Test sinovlari 29 iyul kuni boshlanib, 16 kun davom etadi

'Test sinovlari 29 iyul kuni boshlanib, 16 kun davom etadi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan o`tkazilgan matbuot anjumanida OTM bakalavriat yo`nalishiga qabul test sinovlarini o`tkazish bo`yicha amalga oshirilgan ishlar, kutilayotgan natijalar va kelgusidagi rejalar haqida ma`lum qilindi.

Bu yil OTM bakalavriat yo`nalishida o`qish istagida 1 million 66 ming 925 abiturient ro`yxatdan o`tdi. Ularning 13 ming 821 nafari kechki ta`lim, 335 ming nafari sirtqi ta`lim shakliga hujjat topshirgan.

Test sinovlari 29 iyul kuni boshlanib, 16 kun davom etadi. Test sinovlari o`tkazilishi uchun 66 bino tayyorlandi, ularning eng kattasi bir vaqtning o`zida 1 ming 710 abiturientni qabul qiladi.

Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi va Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda binolar uchun 1 ming 155 dan ortiq videokuzatuv kamerasi, 120 dona mobil aloqalarini to`suvchi qurilma, abiturientlar sonidan kelib chiqqan holda metalloramalar, barmoq izi asosida tanish vositalari o`rnatildi.

Test sinovlari o`tkaziladigan binolarga zaxira elektr tarmoqlari ulandi. Ota-onalarning kutish joylari uchun soya-salqin joylar belgilandi va ularga maishiy sharoitlar tashkil etildi.

Abiturientlar va guruh nazoratchilariga ichimlik suvi va ruchkalar xarid qilinib, binolarga tarqatildi. Test sinovi ishtirokchilarini tushlik paytida issiq ovqat bilan ta`minlash uchun shartnomalar tuzildi.

Bugungi kunga qadar 930 mingdan ortiq abiturient DTMning rasmiy veb-saytidan ruxsatnomalarini olgan. Test jarayonida to`ldirilishi lozim bo`lgan hujjatlar tartibga solindi va abiturient stoliga qo`yib chiqildi.

Davlat test markazi rahbari Majid Karimovning ta`kidlashicha, bu yil yangi joriy etilgan tizim sababli hujjat topshirish jarayonida abiturientlardan 53 milliard so`m miqdorida mablag` to`plangan. Test sinovlarida yaratilayotgan sharoitlar ana shu mablag` hisobidan amalga oshirilmoqda.

    Boshqa yangiliklar