Avval xabar berganimizdek, kecha, 29 iyul kuni, Moskva viloyatidagi “Patriot” parkida «Tank biatloni» musobaqasi uchun qu`ra tashlash marosimi bo`lib o`tdi.
Ta`kidlash kerak-ki, «Tank biatloni» musobaqasi ikki guruhda o`tkazilmoqda. Birinchi guruhda 12, ikkinchi guruhda esa 13 ta jamoa ishtirok etadi.
«ArMI – 2019»Nizomiga ko`ra, har bir guruhdan alohida g`oliblar aniqlanadi. Birinchi guruhda musobaqa tashkil qilinganidan buyon ishtirok etib kelayotgan jamoalar o`rin olgan bo`lsa, ikkinchi guruhdan ilk bor «Tank biatloni» musobaqasida qatnashayotgan mamlakatlar harbiylari joy olgan.
Qu`ra tashlash natijalariga ko`ra, hamyurtlarimiz ishtirokidagi bahslar 4-, 6-, va 8-avgust kunlari bo`lib o`tadi. Yigitlarimiz ko`k rangli tankda uchinchi yo`lak bo`ylab birinchilik uchun kurashadi.
Kunning ikkinchi qismida jamoalar musobaqa davomida harakatlanishi uchun jangovar texnikalarni qabul qilib oldi.
Eslatib o`tamiz, bu yilgi xalqaro armiya o`yinlari doirasida 32 yo`nalish bo`yicha musobaqalar o`tkazilmoqda. Unda 36 ta davlatdan jami 221 ta jamoa ishtirok etyapti.
«ArMI – 2019» bahslari dunyoning 10 ta davlatida o`tkazilyapti. Musobaqaning tantanali ochilish marosimi 3 avgust kuni bo`lib o`tadi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti