Markaziy harbiy okrugiga qarashli O`zbekistondagi birinchi raqamli “Kattaqo`rg`on” poligonida Xitoy Xalq Respublikasi bilan tinchlik yo`lidagi xalqaro harbiy hamkorlik doirasida xarid qilingan artilleriya snaryadi sinovdan o`tkazildi. Bu haqda Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati ma`lum qildi.
Mudofaa vazirligi va Markaziy harbiy okrug rahbariyati hamda artilleriya bo`linmalari tomonidan 122 mm va 152 mmli “PL66-1” markali tasnifiga ko`ra, oskolkali fugasli snaryad qo`llanilgan. D-20 va D-30 artilleriya qurollaridan 20 donadan otilgan snaryadning kelgusida O`zbekiston Qurolli Kuchlari tarkibidagi artilleriya bo`linmalari qurollari uchun o`q-dori sifatida qo`llash samaradorligi tekshirildi.
Birinchi marotaba Mudofaa vazirining tashabbusi bilan “Men g`olib” shiori ostida o`tkazilayotgan 12 ta mutaxassisliklar bo`yicha musobaqaning 7 ta yo`nalishi aynan artilleriya bo`linmalariga tegishli. Hozir kunda artilleriya bo`linmalarini yangi turdagi qurol-aslaha va o`q-dorilar bilan ta`minlash choralari ko`rilyapti.
Shuningdek, artilleriya mutaxasisligi bo`yicha malakali kadrlarni tayyorlashda ustoz-shogird an`analari joriy qilinib, nazariy bilim va amaliy ko`nikmani oshirishda har bir dala o`quv maydonida namunali “Eng ilg`or artilleriya mutaxassisi yo`lagi” barpo etildi.
Kecha, 29 iyul kunidagi Mudofaa vazirligi miqyosida o`tkazilgan videoselektorda Markaziy harbiy okrug qo`shinlari qo`mondoni polkovnik Aybek Saidov tomonidan O`zbekistonda yagona artilleriya va aviasiya mashg`ulotlari o`tkaziladigan “Kattaqo`rg`on” poligonidagi sinov natijalari hamda mutaxassisliklar bo`yicha musobaqaning okrug bosqichi yakunlari haqidagi ma`ruzasi tinglandi.






