Markaziy harbiy okrug qo`shinlari qo`mondoni polkovnik Aybek Saidov nafaqaga chiqqan harbiylarni taqdirladi hamda ular butun shaxsiy tarkib oldida tantanali ravishda uylariga kuzatildi. Bu haqda Markaziy harbiy okrug Matbuot xizmati ma`lum qildi.
Shuningdek, tadbirda 100 ga yaqin harbiy xizmatchilarga jangovar, ma`naviy-ma`rifiy tayyorgarlikdagi yuksak natijalari uchun navbatdagi harbiy unvon, pul mukofoti, esdalik sovg`a va diplomlar topshirildi.
Mudofaa vazirligi qo`shinlari tarkibidagi jangovar tanklarni takomillashtirishda va qayta ta`mirlashda munosib hissa qo`shgan 3 nafar harbiy xizmatchi ham e`tibordan chetda qolmadi.
2019 yil 28 iyun kunidagi Prezident qaroriga muvofiq, Markaziy harbiy okrug maxsus operasiya kuchlarida xizmat qilayotgan shartnoma bo`yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Alisher Sherboevga “Mard o`g`lon” davlat mukofoti topshirildi.
23 yil davomida harbiylarning salomatligini asrab-avaylashdek mas`uliyatli ishga bel bog`lagan va bugun nafaqaga kuzatilayotgan jonkuyar harbiy tibbiyot xodimi serjant Muzaffar Mirzaahmedov va boshqalarga o`zbekona to`n kiydirildi. Sovg`a-salomlar berilib, o`zgacha tantana bilan kuzatildi.
Tadbir so`nggida Samarqand garnizoni Ma`naviyat va ma`rifat markazi harbiy orkestri ijrosida kuy-qo`shiqlar barchaga ko`tarinki kayfiyat ulashdi.






