Bugun “obod markaz” loyihasi doirasida Rishton tumanining shohko`chalari 25 metrga kengaytirilib, 3 tasmali yo`l tashkil etilmoqda. Yo`lning ikki chetida zamonaviy infratuzilma yaratilmoqda. Eng muhimi, bu jarayonda ikki yo`l chetida 400 dan ortiq oilalar uylarini yangidan qurmoqda. Ularga kompensasiya pulidan tashqari qurilish materiallari etkazib berilmoqda. Biroq uy degani o`z-o`zidan ko`tarilib qolmaydi. Boz ustiga Rishtonda uy qurayotganlarning aksariyati kulol, ular orasida og`ir ijtimoiy ahvoldagi oilalar, yakka-yolg`izlar, nogironligi bor shaxslar ko`p. Sovuq kunlar yaqinlashmoqda. Ular kuzgacha uyini bitirib olishi kerak. Biroq pul va qurilish materiallari berilgani bilan hammasini aholining gardaniga tashlab qo`yib bo`lmaydi.
Shuning uchun bir paytlar katta farg`ona kanalini birga qazib, butun vodiyga obi hayot keltirgan mard-tanti, mehnatkash va olijanob farg`ona ahli bir yoqadan bosh chiqarib, Rishton ahliga yordam bermoqda
30 iyul kuniga qadar rishtonda uy qurayotgan oilalarga qariyb 1 million 400 ming dona g`isht, 441 tonna sement, 161 mashina qum, 585 mashina shag`al, 600 dona shifer etkazib berildi. Buning natijasida ayni paytda 152 ta yangi xonadonning poydevori qurildi, 116 ta uyning g`ishti terilmoqda, 4 ta uyda suvoq, 10 ta xonadonda tom yopish ishlari ketmoqda. Bu jarayonda 151 ta texnika, minglab quruvchilar ishlamoqda, ularga asosan obodonlashtirish, jamoatchilik asosida ish bilan ta`minlangan fuqarolar, tashabbuskor insonlar yordam bermoqda.
Yana bir fakt: birgina Rishton tumanining o`zida uy-joyini yangilayotgan xonadonlarda yashovchi 535 nafar fuqaro jamoatchilik asosida ish bilan ta`minlangan. Ular o`z uyida ishlamoqda. Buning uchun davlatdan 600-800 ming so`m atrofida oylik ham olmoqda.
Qalaynov mahallasida yashovchi 59 yoshli adhamjon abdullaev va o`g`li shahzod o`z uyida ustalarga yordam berib, jamoatchilik asosida ish bilan ta`minlangan. Ular barpo qilayotgan ikki qavatli uyning birinchi qavati do`kon, ikkinchi qavati esa mehmonxona bo`ladi.
Tumanning markaz mahallasida yashaydigan dildora tojiboeva bir o`g`li bilan ota-onasining uyida yashaydi. Ularning buzilgan uy-joyi uchun boshqa mahalladan 9 sotix er, kompensasiya puli, bundan tashqari etarlicha sement, qum, g`isht etkazib berildi. Ular ayni paytda podvali bilan ikki qavatli uy qurmoqda. Uyning birinchi qavatida ikkita do`kon bo`ladi. Shu do`konlar ortidan ular barqaror ishli-daromadli, yangi uyli bo`lishadi.