AsosiyJamiyat

“Kitobxon o`qituvchi” tanlovi bugungi davr uchun qanchalik muhim?!

'“Kitobxon o`qituvchi” tanlovi bugungi davr uchun qanchalik muhim?!'ning rasmi

Yil boshida Xalq ta`limi vazirligi ko`pchilik kutgan tashabbus bilan chiqqan edi. Unga ko`ra, maktablarda faoliyat yuritayotgan o`qituvchilar o`rtasida “Kitobxon o`qituvchi” tanlovini o`tkazish bugungi davr uchun muhim va to`g`ri qaror bo`ldi. Hozirda tanlovning mahalliy bosqichlari yakunlanib, hududiy bosqichlar boshlanish arafasida turibdi.

Tanlov haqida Xalq ta`limi vazirligiMaktabdan tashqari ta`lim, sport va turizmni tashkil etish boshqarmasi boshlig`i o`rinbosari Bahrom Aminov shunday deydi:

  • Nizomga ko`ra, “Kitobxon o`qituvchi” tanlovi 3 ta shart asosida o`tkazilmoqda. 1-shart tanishtiruv shaklida bo`lib, o`qituvchi faoliyat yuritayotgan maktabida kitobxonlik madaniyati qay darajada yo`lga qo`yilgani va kitobxonlar uchun qanday sharoitlar yaratilgani haqida ma`lumot beradi. 2-shart esa “Eng ko`p kitob o`qigan o`qituvchi viktorinasi” deb nomlanib, Nizomda belgilangan 90 ta o`zbek va jahon adabiyoti durdonalaridan tuzilgan savollargaishtirokchilar tomonidan javob beriladi. 3-shart “Kitobxonlikni targ`ib qilishda o`qituvchining roli” deb nomlanib, o`qituvchi ta`lim muassasasida kitobxonlikni shakllantirish bo`yicha takliflar ishlab chiqqan holdaloyihasini prezentasiya ko`rinishida taqdim qiladi.

Afsuski, nizom bilan tanishish jarayonida “Kitobxon o`qituvchi” tanlovihududiy bosqichgacha davom etishi haqida o`qidik. Bizning nazarimizda, mazkur tanlovni Respublika bosqichigacha olib chiqib, maktab o`qituvchilari o`rtasida ommalashtirish zarur edi. Nega deganda, bu tanlov o`qituvchi uchun ham, o`quvchi uchun ham juda kerak.

“Yosh kitobxon”larni “Kitobxon o`qituvchi”lar tarbiyalaydi!

Tan olish kerakki, bugun “Yosh kitobxon” tanlovi ko`plab o`quvchilarning dunyoqarashiga ta`sir qilgani aniq. Kitobxon ishtirokchilar asardan olgan xulosalarini ustozlari bilan bo`lishgisi, munozara qilgisi keladi. Agar o`qituvchi u kitobni o`qimagan bo`lsa-chi?.. Mana muammo qaerda? “Kitobxon o`qituvchi” tanlovi nafaqat o`qituvchini bilim darajasini oshirish, balki kitobxon o`quvchilarni tarbiyalash, ularga badiiy asarni tahlil qilish yo`llarini o`rgatish uchun kerak bo`ladigan jarayon.

Nizomga ko`ra, “Kitobxon o`qituvchi” tanlovi uchun o`qilishi kerak bo`lgan badiiy asarlarning aksariyati “Yosh kitobxon” tanlovi ishtirokchilariga belgilangan kitoblar ro`yxati bilan bir xilligining guvohi bo`ldik. Bu ayni muddao, albatta. Chunki mazkur tanlovlar “ustoz-shogird” an`anasi davom etishiga sabab bo`ladi.O`qituvchi va o`quvchi birgalikda kitob o`qiydi. Ustoz asarni tahlil qilishda qaysi jihatlarga e`tibor berish kerakligi, uning syujeti, g`oyasi, kulminasiyasi, bugungi kundagi ahamiyati haqida bemalol tushuntirish bera oladi. Bu holat o`quvchiga qanday motivasiya berishini bir tasavvur qiling!

“Yosh kitobxon” tanlovining Respublika bosqichi ishtirokchisi nima deydi?

  • O`tgan yili tanlovning Respublika bosqichida menga Janni Rodarining “Rim ertaklari” asari tushib qoldi. Menesa javob berolmadim. Chunki bu kitobni hech qaerdan topolmagan edim. O`shanda ustozlarimdan juda-juda xafa bo`lgandim.Hech bo`lmasa, mazmunini so`zlab beringlar deb yalinib borganimda, ular “Rim ertaklari”ni o`qish tugul bunday kitob borligi haqida xabari yo`qligini aytishgandi. Respublikada g`olib bo`lolmaganim bu mening aybim, bilimsizligimni o`qituvchilarimdan ko`rganim yo`q. Aslo. Shunchaki tanlovning viloyat bosqichida 1-o`rinni olib, Respublikaga chiqqan o`quvchisiga ko`mak beradigan, badiiy asarlar yuzasidan fikrlar almashadigan, asarning mag`zini chaqishni o`rgatadigan juda ko`o`o`p kitoblar o`qigan ustozim bo`lishini xohlaganman, o`shanda, - deydi Ruxshona Abdurazzoqova.

Albatta, kitobxon o`qituvchi va kitobxon o`quvchilar Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta tashabbusni amalga oshirish, ta`limda sifat o`zgarishiga erishishdaasosiy kuch hisoblanadi.

Shuning uchun Xalq ta`limi vazirligidan “Kitobxon o`qituvchi” tanlovining qamrovini kengaytirgan holda Respublika miqyosida o`tkazishni taklif sifatida qabul qilishini xohlagan bo`lardik.

Chunki “Yosh kitobxon”larni “Kitobxon o`qituvchi”largina tarbiyalay oladi.

Go`zal Oxunova

    Boshqa yangiliklar